Jahon | 22:42 / 23.06.2020
14796
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning yangi bosh vaziriga niqobda bo‘lmagani uchun jarima solindi   

Foto:kenesh.kg

Qirg‘iziston hukumati a'zolari, jumladan yangi bosh vazir Kubatbek Boronov sobiq bosh vazir Muhammadkaliy Abilgaziyevni kuzatish vaqtida guruh bo‘lib tushgan suratlari e'lon qilingandan keyin jarimaga tortildilar.  

Surat 18 iyunda Qirg‘iziston hukumati binosi yonida olingan. Unda ishtirokchilar ijtimoiy masofaga rioya qilmagan va niqobsiz holda suratga tushishgan. Hukumatning 124 a'zosidan faqatgina ikki nafaridagina niqob bo‘lgan.

Bishkek bo‘yicha sanitar-epidemiologik nazorat davlat markazi shu sababli bosh vazir, sobiq bosh vazir va hukumatning boshqa a'zolariga jarimaga solgan. Jumladan, bosh vazir Kubatbek Boronov, bosh vazir o‘rinbosarlari Aida Ismailova, Akram Madumarov, Erkin Asrandiyev, bo‘limlar boshliqlari, sobiq bosh vazir Muhammadkaliy Abilgaziyev 5 ming somdan (67 dollar) jarimaga tortilgan.

Qoidabuzarlarga, shuningdek, ma'muriy bayonnomalar tuzilgan. Jarima ularning maoshidan undirib qolinadi. 

Avvalroq yangi bosh vazir ushbu hodisa uchun uzr so‘ragan va hukumatning oddiy xodimlari sanitar qoidalariga rioya qilmagani uchun jazolanmasligiga va'da bergan.  

“Qonunga ko‘ra, mendan boshlab, bosh vazir o‘rinbosarlari, apparat rahbari va sobiq bosh vazir jarima to‘laydi. Jarima apparatning oddiy xodimlariga qo‘llanmaydi, chunki bo‘limlar boshliqlari sobiq bosh vazirni kuzatib qo‘yish uchun ularni ish joylaridan chaqirtirib olishgan. Shu sababli ular jazolanmaydi. Ishontirib aytaman, hukumat apparatining barcha xodimlari ish joyida niqob rejimiga qat'iy amal qilmoqda. Yana bir bor uzr so‘rayman”, deb aytgan Kubatbek Boronov.

15 iyunda Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziyev radiochastotalarning noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq mojaro sababli iste'foga chiqqandi. Shundan keyin uning o‘rniga Kubatbek Boronov tayinlangandi.

Mavzuga oid