Jamiyat | 17:03 / 30.06.2020
14528
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda YTH oqibatida 2 kishi vafot etdi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 29 iyun kuni soat 23:30da haydovchi, 31 yoshli Z.T. boshqaruvidagi “Malibu” rusumli avtomashinasini Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani “Zarbdor” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-100 avtomobil yo‘lining 81-kilometrida Bandixon-Qiziriq tumani yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan 56 yoshli O‘.X.ning boshqaruvida bo‘lgan “VAZ 2101” rusumli avtomashinaning harakat yo‘nalishiga chiqib ketishi oqibatida, avtomashinaning old o‘ng tomoni bilan “VAZ 2101” rusumli avtomashinaning old chap tomoni bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.

Natijada, “VAZ 2101” rusumli avtomashinada yong‘in chiqib, haydovchi O‘.X. va old o‘rindig‘ida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 50 yoshli A.J. yong‘in natijasida avtomashina salonida qolib ketib, hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Qiziriq tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli yo‘l harakati ishtirokchilari, transport vositasini boshqarayotganingizda amaldagi “Yo‘l harakatlari qoidalari”ga rioya qilishingizni so‘raymiz, o‘zingiz va boshqalarning hayotiga befarq bo‘lmang”, - deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid