Jahon | 21:44 / 03.07.2020
3494
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandga keluvchi xorijliklarga koronavirusga 96 dollarlik test topshirish majburiy qilindi

1 iyuldan xalqaro aviaaloqani tiklagan Tailandga kiruvchi barcha xorijliklardan koronavirusga tahlil olina boshlandi. Yarim soat davom etuvchi jarayon uchun xorijliklar 3000 bat (96 dollar) to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.  

Tailandga ishlash yoki yashash uchun ruxsatga ega bo‘lganlarga, mamlakatga tadbirkorlik maqsadlarida keluvchilarga, turmush o‘rtog‘i yoki rafiqasi Tailand fuqarosi bo‘lganlarga, xorijlik talaba va diplomatlarga kirishga ruxsat berilgan. 

Aeroportda koronavirusga test topshirish Tailandga tez kirish talablaridan biri hisoblanadi. Bu holatda agar xorijlik fuqaro sog‘ bo‘lsa, u 14 kun karantinda o‘tkazishiga to‘g‘ri kelmaydi. Xuddi shunday jarayon kuzda Tailandga kelishi kutilayotgan sayyohlarga qo‘llanadi. 

Tailandga pandemiya sababli joriy yilda xalqaro aviaaloqa kengaytirilgach va sayyohlar kirishiga rusxat berilgandan keyin 8 mlngacha xorijlik kelishi kutilmoqda. Tailand turizm kengashining baholashicha, bu 2019 yilga nisbatan 80 foizga kamroqni tashkil qiladi. Ekspertlarning ta'kidlashicha, Tailand sayyohlik tarmog‘i 2021 yildagina avvalgi darajada tiklanadi.

Mavzuga oid