Jamiyat | 17:50 / 06.07.2020
4025
2 daqiqa o‘qiladi

6 oyda 219 ming migrant xorijdan O‘zbekistonga qaytgan – vazirlik

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Mahmudov mehnat bozoriga oid tahlillarni ma'lum qildi.

Vazirlik rasmiysining qayd etishicha, 2020 yilning yanvar-iyun oylari davomida 219 ming nafar o‘zbekistonlik mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan. Ularning 122 mingdan ortig‘i Rossiya, 64 mingga yaqini Qozog‘istondan qaytishgan. Shuningdek, mehnat migrantlarining 7 ming nafari Turkiyadan, 3,5 ming nafari Janubiy Koreyadan kelishgan.

«Aniqlanishicha, vatanga qaytgan fuqarolarning 50 foizga yaqini qurilish ishlarida, 11 foizi sanoat, 10 foizi qishloq xo‘jaligida, 13 foizi esa savdo va boshqa maishiy xizmat ishlarida tajriba orttirishgan. Ularning malakasi hududlarda migrantlarni ishga joylashtirishda ahamiyatga ega bo‘ldi», deya ta'kidladi Temur Mahmudov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Shuningdek, vazirlik vakili e'lon qilgan statistikaga ko‘ra, ayni paytda respublikada 448 ming yuridik shaxs mavjud va ularda 5 million 400 ming nafar fuqarolar mehnat qilmoqda.  

«Pandemiya sharoitini hisobga olib, vazirlik tomonidan yil yakunigacha 302 700ta doimiy ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan. 770 mingdan ortiq fuqaroga esa bandlikka oid davlat xizmatlari ko‘rsatilishi rejalashtirilgan», dedi vazirlik vakili.

Mavzuga oid