Sport | 15:56 / 06.07.2020
5265
5 daqiqa o‘qiladi

Kibersport Olimpiya o‘yinlari tarkibiga kirishga haqlimi?

2020 yil iyul oyida Tokioda o‘tkazilishi belgilangan 32-yozgi Olimpiya o‘yinlari pandemiya tufayli 2021 yilga qoldirildi. Bu katta tanaffus rasmiylarga Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish tartiblarni ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Foto: economist.com

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Olimpiadani yoshlar orasida ommalashtirish borasida bosh qotirmoqda. Shu maqsadda, skeytbording, syorfing, qoyalarga chiqish kabi sport turlarini Olimpiya o‘yinlariga kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Olimpiya o‘yinlariga yoshlarni qiziqtirish haqida gap ketganda, milliy jamoalarga kibersport borasida ham musobaqalashish imkonini berish kerak, deb yozadi The Economist nashri.

Qay biri ommaboproq: an'anaviy yoki kibersport?

Elektron o‘yinlar Olimpiya o‘yinlarining ot sporti yoki kyorling kabi shakllaridan ko‘ra ancha ommabop. Umuman olganda, elektron o‘yinlar an'anaviy sport turlaridan ko‘ra yoshlar orasida keng tarqalgan. Statistikaga ko‘ra, Britaniyada 16-19 yosh oralig‘idagi bolalarning 28 foizi an'anaviy sport musobaqalarini tomosha qilishni yoqtirgan bir paytda, 57 foizi videoo‘yinlarga qiziqadi.

Aksariyat kibersport deya ta'riflanayotgan videoo‘yinlar haqiqiy sport bo‘la olmaydi, deb hisoblaydi. Ammo professional ligalar shaklida o‘tkazilayotgan videoo‘yinlar stadionlarni to‘ldiradigan ana'naviy sport bilan raqobatchi bo‘la oladi. Deylik, dunyoda turnirlarda ishtirok etish orqali daromad topa oladigan tennis yulduzlari 200 nafar atrofida bo‘lishi mumkin. Biroq 5 kishilik jamoalar qatnashadigan videoo‘yinlardan iborat «Fantastik liga»da (kibersport musobaqalaridan biri) ishtirok orqali 1000dan ortiq kishi mo‘maygina pul topadi. Bu liganing o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan finalini 44 milliondan ziyod kishi kuzatgan edi.

Norozilikka sabab bo‘lgan futbol va beysbol

Yangi shakllana boshlagan sport turlarining ommalashishi har doim qiyin kechgan. 1314 yilda Angliya qiroli Eduard II o‘g‘il bolalar kamondan o‘q otishni o‘ranishi kerak, degan o‘yda futbolni taqiqlab qo‘yishga harakat qilgan edi. 19-asrda esa AQShda ayrim toifa taqvodorlar azart o‘yin deya beysbolga qarshi chiqishgan.

Ammo kibersport ham an'anaviy sport turlari kabi mahorat va epchillikni talab qiladi – professional o‘yinchi soniyasiga beshtagacha turli harakatlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, videoo‘yinlar ot sportiga qaraganda ancha arzon va qulay ham sanaladi.

Qarshilar va yoqlovchilar

Kibersportni tanqid qiluvchilar ularni ma'naviy jihatdan qoralashadi – videoo‘yinlar mukkasidan ketishni chaqiradi, zo‘ravonlik g‘oyalarini uyg‘otadi, vaholanki, Olimpiadaning birlamchi maqsadi xalqaro tinchlikni ta'minlashdir, deyishadi.

Bundan tashqari, videoo‘yinlarning tijoriyligi, masalan, basketbol aynan kimgadir tegishli bo‘lmasa, «Afsonalar ligasi» videoo‘yini Xitoyning Tencent megakorporatsiyasiga qarashli ekani asos qilinadi.

Ammo bu argumentlarni to‘la asosli deb bo‘lmaydi. Qaramlik chaqiruvchi moddalardan tashqari ayrim faoliyat turlari ham kishini mukkasidan ketishga sabab bo‘la oladi, degan qarash – shifokorlar o‘rtasida bahsli masala. Virtual o‘yinlar va zo‘ravonlik o‘rtasidagi bog‘liqlik yuzasidan ham xuddi shunday qarama-qarshi fikrlar bor.

Olimpiya o‘yinlari tarixiga qaraydigan bo‘lsak, harbiy ruhdagi sport turlariga o‘rin yo‘q, degan argument o‘z isbotini topmaydi. Miloddan avvalgi 708-yilda nayza uloqtirish, erkin va yunon-rum kurashi kabilar olimpiya o‘yinlariga kiritilgan va ular hozirgacha ro‘yxatda qolmoqda. O‘q otish va qilichbozlikni o‘z ichiga oladigan zamonaviy beshkurash ham dastlab askarlarni tayyorlash uchun ishlab chiqilgan edi.

Bundan tashqari, kibersport muxlislari futbol yoki xokkey ishtiyoqmandlari singari shahar ko‘chalarida tartibsizliklar keltirib chiqarishmaydi.

Kibersport o‘yinlarining muayyan kompaniyalarga tegishli ekani ham muammo emas. Axir Olimpiada ham allaqachon translatsiya va homiylik orqasidan milliardlab daromad keltirishni boshlagan. Tijoriy ruhning bo‘lishi o‘yinlarning yanada jonli kayfiyatda, ko‘ngilochar tarzda kechishini ta'minlaydi. Dasturchilar o‘zlari yaratgan o‘yinning Olimpiya o‘yini deb e'tirof etilishiga intilib, yanada qiziqarli va zavqli o‘yinlarni ishlab chiqishga harakat qila boshlashadi.

Kibersportni Olimpiya o‘yinlari qatoriga kiritilsa-yu, bu amaliyot o‘zini oqlamasa ham bu muammo emas: XOQ keyingi o‘yinlarda uni dasturdan chiqarib yuborish bilan masala yechim topadi. Axir ilgari ham kroket, arqon tortish, yakka sinxron suzish kabi sport turlari Olimpiada dasturiga kiritilib, so‘ng yana chiqarib yuborilgan.

Mavzuga oid