O‘zbekiston | 16:35 / 13.07.2020
18182
2 daqiqa o‘qiladi

«Oilaviy shifokorlar va pediatrlarga ham ustama berilishi kutilmoqda» – Otabekov

Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda pulmonolog, terapevt singari shifokorlar ham koronavirus ehtimoli bo‘lganlar bilan aloqada bo‘lib, hayotini xavf ostiga qo‘ysa ham nega ularga qo‘shimcha ustama to‘lovi berilmasligi to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni asosida koronavirus bemorlari bilan bevosita kontaktda bo‘ladigan, virus aniqlangan fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha ustama to‘lovlari berilishi belgilangan edi.

Bunda birlamchi sanitar-tibbiy yordam ko‘rsatadigan xodimlar, oilaviy shifokorlar, pediatrlar, pulmonolog, terapevtlar epidemiologiya bilan kurashuvchilar sifatida guruh tarkibiga kiritilmagandi. Ular rasman guruh tarkibiga kiritilmagan bo‘lsa-da, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yadi, ehtimoliy bemorlar bilan muloqotda bo‘ladi.

Hozirda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida bu masala qayta ko‘tarilgan. Bemorlar bilan bevosita kontaktda bo‘lgan, hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarining yana bir guruhiga tegishli qo‘shimcha to‘lovlar berishni nazarda tutuvchi hujjat tayyorlanmoqda. Ular ham jarayonda ishtirokidan kelib chiqqan holda u yoki bu darajada qo‘shimcha to‘lovlarni olishadi», deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 5 iyuldan koronavirusni yengil shaklda o‘tkazayotgan bemorlar uyda davolanishi mumkin bo‘ldi.

Mavzuga oid