O‘zbekiston | 16:14 / 18.07.2020
20001
3 daqiqa o‘qiladi

Vertolyotlarda dori sepish rejasi yo‘q, ammo yolg‘on xabarga javobgarlik bor

17 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Ertaga butun O‘zbekiston bo‘yicha yuqoridan dezinfeksiya uchun dori sepiladi. Deraza va balkonlar yopiq bo‘lishi lozim. Hech kim tashqariga chiqmasligi kerak, chunki yuqoridan doridan qochgan virus yog‘iladi», degan xabar tarqaldi.

Sog‘lom aqlga sig‘maydigan bu xabar og‘izdan-og‘izga, kanallardan kanallarga ko‘chdi. Unga ishonganlar ham tabiiyki ko‘plab topildi.

Ta'kidlash joiz, bu bunday mazmundagi xabarlarning birinchisi emas. Karantin endi boshlanganda, 16 mart kuni ijtimoiy tarmoqlar, xususan telegram kanallarda «Bugun 23:00 va tonggi 5:00gacha vertolyotlar dezinfeksiya uchun dori sepadi. Deraza va balkonlar yopiq bo‘lishi lozim va soat 23:00dan keyin ko‘chalarda yurish mumkin emas. Harbiy qismdan xabar berishdi», degan xabarlar tarqalgandi.

Dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu xabarni rad etgan, shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining matbuot xizmati ham o‘z munosabatini bildirgandi:

«Mazkur xabar soxta va uydirma bo‘lib, hech qanday asos va mantiqqa ega emas. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa bunday mazmundagi soxta va yolg‘on xabarlarga e'tibor bermasliklarini va ko‘r-ko‘rona tarqatmasliklarini so‘raymiz. Bunday paytda faqat rasmiy manbaga tayanish kerakligini yani bir bor iltimos qilamiz» – deyilgandi unda.

Bu safar tabiiyki bunday mazmundagi xabarlarga rasman munosabat bildirish ham lozim topilmadi. Chunki oddiy mantiqqa suyanilsa, ularning naqadar asossizligi ma'lum bo‘ladi. Avvalo, vertolyotlar orqali dezinfeksiya qilish rejasi biror marta ko‘rib chiqilmagan.

Ikkinchidan, nafaqat butun O‘zbekiston hududini, balki o‘rtacha bir tuman hududini ham vertolyotda dezinfeksiya qilish orqali to‘liq qamrab olish qiyin. Va nihoyat uchinchidan, virus ongli mavjudot emaski, yuqori dorilanganda pastga qochib tushsa va odamlarga yopishsa.

Vertolyotlarda dori sepish rejasi bo‘lmasa-da, vahima tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik bor va bu haqda AOKA bosh direktori v.b. Dilshod Saidjonov eslatib o‘tgan:

«Vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».

Demak bunday vahimalarga chalg‘ishga biror bir sabab yo‘q.

Abror Zohidov

Mavzuga oid