Rossiya zodagonlari koronavirusga qarshi vaksinaga apreldayoq ega bo‘lgan(mi?)
Rossiyada aprel oxiridan buyon ilk marta bir sutkada 6 mingtadan kamroq Covid-19 holatlari qayd etildi. Ayrim xabarlarga ko‘ra, Rossiya milliarderlari, top-menejyerlari va amaldorlari koronavirusga qarshi vaksinani apreldayoq qabul qilgan.
Apreldan buyon ilk marta 6 mingdan kamroq holat
Operativ shtab ma'lumotiga ko‘ra, Rossiyada o‘tgan sutkada koronavirus infeksiyasi yuqtirish bilan bog‘liq 5940ta yangi holat aniqlangan - bu oxirgi uch oy davomidagi eng past sutkalik ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bungacha 6 mingdan kam holat 29 aprelda qayd etilgandi – o‘shanda 5841ta holat haqida xabar qilingandi. Mamlakatda jami qayd etilgan holatlar soni 777 mingdan oshgan.
Shtabning ma'lumot berishicha, sutka davomida 85 kishi vafot etgan. Bunga qadar sutkalik o‘limlar soni 100tadan kam bo‘lmayotgandi.
Jami vafot etganlar soni 12427 nafarga yetgan. Pandemiya boshlanganidan buyon 553 mingdan ortiq kishi sog‘ayib ketgan.
Zodagonlar vaksinasi
Bloomberg nashrining yozishicha, Rossiyaning bir qator kompaniyalari top-menejyerlari hamda davlat amaldorlariga Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqot markazi ishlab chiqqan eksperimental vaksina apreldayoq taqdim etilgan.
Nashr milliarderlar va yirik kompaniyalar rahbarlari orasidagi manbalariga tayanmoqda. Uning eslatishicha, Rossiya koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqargan dunyodagi dastlabki mamlakatlardan biri bo‘lishga urinmoqda.
Tadqiqotlar Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi tomonidan moliyalashtirilmoqda va harbiylar bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. O‘tgan haftada fond rahbari Kirill Dmitriyev Gamaleya nomidagi markaz ishlab chiqqan vaksina sinovining ikkinchi bosqichi 3 avgustda yakunlanishi, uchinchi bosqich sinovlari esa nafaqat Rossiya, balki boshqa davlatlarda ham o‘tkazilishini ma'lum qildi.
Ishbilarmon va siyosiy elita vakillari eksperimental vaksina dozasini olishga erishgan dastur qonuniy, ammo qatnashishni istovchilar ko‘payib ketishining oldini olish maqsadida sir tutilmoqda, degan ushbu sinovlar jarayonidan xabardor manba.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap bir necha yuz kishi haqida bormoqda. Bloomberg o‘nlab holatlar tasdiqlanishiga erishgan, ammo hech kim o‘z ism-sharifi ko‘rsatilishiga ruxsat bermagan. Emlash bepul amalga oshirilgan. Dmitriyev o‘zi va oilasi tadqiqotlarda qatnashganini aytgan. UC Rusal kompaniyasida ko‘plab top-menejyerlar emlandi, deb ma'lumot bergan nashr manbalari.
Vaksina qabul qilgan top-menejyerlardan birining aytishicha, uning hech qanday nojo‘ya ta'siri sezilmagan. Boshqalar esa emlanganidan so‘ng harorati ko‘tarilgani va mushaklarida og‘riq sezishganini aytishgan.
Ko‘ngillilarga javob berilmoqda
Rossiya harbiylari Mudofaa vazirligi va Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqot markazi tomonidan birgalikda ishlab chiqarilgan vaksinaning klinik sinovlari nihoyasiga yetganini e'lon qildi.
«Bugun, 20 iyul kuni 20 kishidan iborat ko‘ngillilarning ikkinchi, so‘nggi guruhi harbiy hospitaldan,chiqariladi», - Rossiya qurolli kuchlari Radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlarining 48-markaziy ilmiy-tadqiqot instituti rahbari Sergey Borisevich
Ko‘ngillilarda koronavirusga qarshi kerakli antitanachalar aniqlandi. Shuningdek, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, inson preparatning tarkibiy qismlarini yaxshi qabul qiladi, dedi u «Krasnaya zvezda» gazetasiga bergan intervyusida. Uning qo‘shimcha qilishicha, olimlar hali katta hajmdagi tahliliy ishlarni bajarishi, yakuniy hisobotlarni tayyorlashi, natijalarni taqdim etishi, vaksina preparatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi lozim.
Sechenov universitetida ham koronavirusga qarshi emlangan ko‘ngillilarning ikkinchi guruhiga javob berildi, deb ma'lum qildi farmatsiya va translyatsion tibbiyot instituti direktori Vadim Tarasov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngillilar vaksinatsiyani yaxshi o‘tkazgan, «faqat ikki kishida bosh og‘rishi va harorat ko‘tarilishi kuzatilgan».
Rossiyada yaqin vaqt ichida 40-50 mln kishi emlanishi kerak, dedi Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi direktori Dmitriyev.
Virus Xitoydan kelmagan
Covid-19 genom epidemiologiyasi tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, Rossiyaga virus Xitoydan emas, asosan Yevropadan kelgan, deb xabar berdi RIA Novosti Skolkovo fan va texnologiyalar institutiga tayanib.
«Fevral oxiri-mart boshlarida Rossiyaning turli shaharlariga virus olib kirgan kamida 67 tashuvchidan namunalar olindi. Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, virus Rossiyaga Xitoydan emas, asosan Yevropadan olib kirilgan», - deyiladi xabarda.
Tadqiqotni «Skoltex» hayot haqidagi fanlar markazi, oliy iqtisodiyot maktabi, Smordinsev nomidagi gripp ilmiy-tadqiqot markazi va Xarkevich nomidagi ma'lumot uzatish muammolari instituti xodimlari o‘tkazgan.
“Zodagonlar uchun vaksina” haqidagi xabar rad etildi
Gamaleya nomidagi markaz direktori Aleksandr Ginsburg Rossiya zodagonlari Covid-19ga qarshi vaksina bilan emlangani haqida ma'lumotga ega emasligini aytdi.
«Yirik biznesmenlar va maydalari haqida ham hech narsa bilmayman», - dedi u. Sechenov universiteti farmatsiya va translyatsion tibbiyot instituti direktori Vadim Tarasov esa: «Hali klinikaoldi tadqiqotlari o‘tkazilmadi. Bu mish-mish» dedi.
Gamaleya nomidagi markaz tomonidan ishlab chiqilgan vaksina ustidagi klinik tadqiqotlar yakuniga yetgani yo‘q, undan, xususan, amaldorlar va biznes vakillarining ham foydalanishining iloji yo‘q, dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Aleksey Kuznetsov.
«Vaksina hali fuqarolar uchun chiqarilmadi, undan klinik tadqiqotlar doirasidan tashqarida qo‘llash imkonsiz narsa», - dedi u.
Mavzuga oid
11:34
Qora dengizni qoplagan mazut dog‘ining koinotdan ko‘rinishi - foto
11:27
Rossiyada fuqarolar pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytiriladi
08:36
AQSh Helsinki komissiyasi Rossiyada nomaqbul deb tan olindi
00:31