Iqtisodiyot | 13:04 / 23.07.2020
10476
2 daqiqa o‘qiladi

MB yig‘ilishida qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishsiz qoldirildi

Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘zgarishsiz, yillik 15 foiz darajasida saqlab qolinmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank boshqaruvining 2020 yil 23 iyuldagi navbatdagi yig‘ilishi qaroriga asosan, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi yillik 15 foiz darajasida belgilandi.  

«Ushbu qaror iqtisodiyotda bir vaqtning o‘zida inflatsiyani oshiruvchi xatarlar va pasaytiruvchi omillarning mavjudligi sharoitida ijobiy real foiz stavkalarni ta'minlashga qaratilgan pul-kredit siyosati joriy yo‘nalishini saqlab qolish maqsadida qabul qilindi», - deyiladi MB rasmiy bayonotida.

Ta'kidlanishicha, pandemiya sharoitida budjet xarajatlarining ortishi va fiskal rag‘batlantirish iqtisodiy jarayonlar va faollikni qo‘llab-quvvatlashning asosiy omillaridan bo‘ldi.

MB ma'lumotiga ko‘ra, foiz stavkalari karantin davriga qaramasdan I yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijobiy iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishish uchun sharoit yaratdi. Joriy yilning iyun-iyul oylarida narxlarning nisbatan sekinroq pasayishi va inflatsiya prognozidan biroz og‘ishi kuzatildi.

Bunda, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish masalasi keyingi boshqaruv yig‘ilishlariga qoldirildi va inflatsiya pasayish dinamikasining barqaror darajada shakllanishidan kelib chiqiladi.

Koronavirus pandemiyasi yuzaga kelgunga qadar, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz 16 foiz darajasida saqlab qolgandi.  Joriy yil 14 aprelda esa ushbu ko‘rsatkich 1 foizga tushirilgandi. 

5 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda esa MB boshqaruv kengashi a'zolari kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavkalarni 21 foiz atrofida bo‘lishini belgilagandi.

Mavzuga oid