O‘zbekiston | 16:15 / 27.07.2020
17600
2 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov: «Blokator taqish niqob va antiseptikning o‘rnini bosa olmaydi»

Blokatorlarning koronavirusdan himoya qilishini isbotlovchi ma'lumotlar adabiyotlarda yo‘q. Shuningdek, uni taqish niqob va antiseptikning o‘rnini bosa olmaydi. Bu haqda bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma'lum qildi.

Bugun, 27 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Nurmat Otabekov fuqarolardan kelgan qator savollarga javob berar ekan, blokator beyjiklarning qay darajada ishonchli va viruslardan himoyalash xususiyatiga egaligi borasida ham munosabat bildirdi.

«Dastlab, virus blokatorlarni yaponiyalik olimlar ishlab chiqarishgan. Ularning vazifasi inson atrofidagi havoni zararsizlantirib turish hisoblanadi.

Beyjik ichidagi kartrijga joylashtirilgan faol modda - xlor dioksidini saqlaydi. Ammo bu modda kishida allergiya, toshmalar berishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya, Boltiqbo‘yi olimlari ham virus blokatorlarning samarasi past degan fikrda. Ayniqsa, ochiq havoda yoki yelvizakda bo‘lgan paytda uning samarasi qariyb nolga teng bo‘lishi mumkin.  

Mazkur blokatorlarning koronavirusdan himoya qilishini isbotlovchi ma'lumotlar adabiyotlarda yo‘q. Blokator taqish niqob va antiseptikning o‘rnini bosa olmaydi», deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid