O‘zbekiston | 11:43 / 27.07.2020
34848
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi saytlar hakerlarning hujumlariga duchor bo‘lmoqda

Shu kunlarda qator ommaviy axborot vositalari va rasmiy idoralarning veb-saytlariga noma'lum shaxslarning buzib kirishi bilan ifodalangan hakerlik hujumlari kuzatilmoqda. 

Hujumga uchragan resurslarda foydalanuvchilarning saytga kirish imkoniyatlari cheklanib qolmoqda, ayrim hollarda sayt sahifalarida asoslanmagan ma'lumotlar paydo bo‘lmoqda. Masalan, 25 iyul kuni Repost.uz saytiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov vafot etgani haqida feyk xabar joylashtirilgan. Qoraqalpog‘istonda bu xabarni olib tarqatgan boshqa ayrim saytlar vakillari prokuraturaga tergovga chaqirildi.

Sir emaski, dunyodagi ko‘plab nufuzli saytlarga kuniga deyarli yuzlab DDoS (Distributed Denial of Service) hakerlik hujumlari yuz beradi. Ayniqsa, bu hujumlardan katta auditoriyaga ega saytlar ko‘proq jabr ko‘radi. Shu jumladan, Kun.uz saytiga ham deyarli har kuni o‘nlab hujumlar kuzatiladi. Bu kabi hujumlar havaskor foydalanuvchilarning shunchaki qiziqishi yoki professional hakerlarning qasddan urinishlarigacha — turli maqsadlarda sodir etilishi mumkin. 

Afsuski, bularni kim va nima maqsadda qilganini ko‘p hollarda aniqlashning imkoni bo‘lmaydi.

Shu bois, har bir sayt o‘zining himoya qo‘rg‘oniga ega bo‘ladi va doimiy ravishda bu kabi hujumlardan himoyalanib keladi. Ammo, qo‘rg‘on qanchalik mustahkam bo‘lmasin, uni buzib kirish qobiliyatiga ega bo‘lgan «uddaburon»lar hamisha topiladi.

Hozircha biror sayt bundan kafolatli himoyalangan emas. Ya'ni, Repost.uz sayti bilan bo‘lgan voqea boshqa saytlarda takrorlanishi ehtimoldan xoli emas. 

Shunday ekan, bunday hujumlar ortidan paydo bo‘ladigan noqulayliklar hamda birozdan so‘ng albatta rad etiladigan asoslanmagan va yolg‘on xabarlar tarqatilishini muxlislar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘ri qabul qilishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid