O‘zbekiston | 22:22 / 28.07.2020
10318
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari agentligi 57 nafar xodimi koronavirusga chalinganini oshkor qildi

Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati agentlik tizimida faoliyat yurituvchi 57 nafar xodimi koronavirus infeksiyasini yuqtirganini ma'lum qildi. Qayd etilishicha, hozirgacha 2 kishi sog‘aygan, qolgan bemorlar davolanmoqda.

«Davlat xizmatlari markazlarida odamlar oqimi yuqori bo‘lgani bois, bu yerda cheksiz va nazorat qilish qiyin bo‘lgan aloqa yuzaga kelishi tabiiy hol. Albatta, biz markazlarimizda barcha zarur choralarni ko‘rmoqdamiz. Belgilangan grafik asosida binolar dezinfeksiya qilinmoqda, xodimlar zaruriy himoya vositalari bilan ta'minlanmoqda. Kirishda har bir tashrif buyuruvchining harorati o‘lchanib, bino ichida majburiy niqob rejimi o‘rnatilgan.

Biroq, bu kabi qat'iy choralar ko‘rilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi tizimining 57 nafar xodimi COVID-19 ga chalingan bo‘lib, 1 nafar mutaxassisimiz ushbu virusdan vafot etgan.Shuningdek, 2 nafari sog‘aygan bo‘lib, qolganlar hozirda davolanmoqda», deyiladi agentlikning rasmiy xabarida.

Agentlik direktorining matbuot kotibi Sevara Zokirova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda pandemiya sharoitida ishlash oson emasligini, lekin davlat xizmatlarining faoliyati aholi uchun juda muhimligi bois ular ishlashda davom etayotganini ta'kidladi.

«Davlat xizmatlari sohasida faoliyat yuritishni tanlagan har bir xodimimiz, o‘z oldiga avvalambor xalq ishonchini qozonishga, unga xizmat qilishni tanladi demak. Agentlik oldida turgan dolzarb masalalardan — bu DXM va FHDYo bo‘limlariga tashrif buyurgan Sizlarni hamda xizmatda bo‘lgan xodimlarimizni mazkur virusdan himoya qilish.

Tushunib turibmiz, yashash tarzimiz o‘zgargani bilan davlat xizmatlarini olish ehtiyoji hech qayerga daf bo‘lgani yo‘q. Shu bois, yurtdoshlarimizdan elektron xizmatlardan foydalanishni so‘raymiz», deydi u.

Sevara Zokirovaning qo‘shimcha qilishicha, fuqarolarga qulay bo‘lishi uchun xizmatlardan onlayn foydalanish videoqo‘llanmalarini tayyorlangan bo‘lib, ular bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyul kuni Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasining 61 yoshli mas'ul xodimi koronavirusdan vafot etgan edi. Bu agentlik tizimida koronavirus bilan bog‘liq ilk o‘lim holati bo‘lgandi.

25 iyul kuni Davlat xizmatlari agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Zafarjon Akramov 38 yoshida vafot etgani xabar berilgan, biroq agentlik tomonidan e'lon qilingan xabarda uning o‘limi sababi ma'lum qilinmagan edi.

Keyinchalik agentlikning Surxondaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati Zafarjon Akramovning koronavirusdan vafot etgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni rad etib chiqqan edi. Ma'lum qilinishicha, uni yurak xastaligi va buyrak yetishmovchiligi bezovta qilib kelgan hamda vafotiga esa yurak xastaligi sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid