Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida ta'lim sohasidagi hamkorlikning dastlabki natijalari
Taraqqiyotning hozirgi bosqichida yosh avlodni har tomonlama bilimli, xorijiy tengdoshlari bilan bemalol raqobatlasha oladigan, erkin fikrga ega, shuningdek, milliy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga o‘z hissasini qo‘shadigan qilib tarbiyalash muhim hisoblanadi. So‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda qator yangi oliy ta'lim muassasalari, xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallari tashkil etildi. Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti ana shunday oliy ta'lim muassasalaridan biri sanaladi.
Respublikaning bir necha oliy ta'lim muassasalarida xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta'lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida ham bugungi kunda 10 dan ortiq qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur qo‘shma dasturlar asosan 2+2 yoki 3+1 formatida amalga oshirilishi imzolangan o‘zaro kelishuv memorandumlari asosida olib borilmoqda. Mazkur qo‘shma ta'lim dasturlarining asosiy maqsadi talabalarni akademik bosqichda ham milliy darajada, ham xalqaro darajadagi mashg‘ulotlarni ikki yil mamlakatamizda va ikki yil xorijdagi oliy ta'lim muassasasida davom ettirilishi hisoblanadi.
2019-2020 o‘quv yilida Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida tahsil olayotgan 10 nafar talaba ilk qaldirg‘ochlar sifatida 2+2 qo‘shma dasturi asosida Koreya Respublikasining Hanyang universiteti (Hanyang University)da o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, ushbu universitet jahondagi universitetlar reytingida 146-o‘rinni, Koreya Respublikasida esa kuchli beshtalikka kirgan oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.
Joriy yilgi qo‘shma dasturda Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti talabalari orasida tanlov tashkil etildi va bo‘lib o‘tgan sinovlar natijasi bo‘yicha 10 nafar talaba o‘qishini xorijda davom ettirish huquqini qo‘lga kiritdi. Talabalarning saralash ishlarini maxsus komissiya amalga oshirgan bo‘lib, komissiya tarkibida salmoqli o‘rinni xorijiy oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tashkil etdi. Imtihonlar uch bosqichda bo‘lib o‘tdi.
Birinchi bosqichda talabalar yakunlangan o‘quv kurslari bo‘yicha erishgan natijalari bo‘yicha saralangan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda koreys tilidan test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Uchinchi bosqich, maxsus komissiya bilan onlayn va offlayn tarzda suhbat bo‘lib o‘tdi. Mazkur imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 nafar talaba hozirda Koreya Respublikasida o‘qishni davom ettirish uchun maxsus sertifikatlarni qo‘lga kiritishdi hamda yangi o‘quv yilidan tahsilni xorijda davom ettiradilar. Ta'kidlab o‘tish joizki, agar ushbu talabalar kelgusi o‘qishlarini Koreya Respublikasining Hanyang universitetida muvaffaqiyatli tugatishsa, ular ikkita diplomga sazovor bo‘ladilar. Birinchisi Koreya Respublikasining Hanyang universiteti, ikkinchisi esa Toshkent shahridagi Yodju texnika institutining diplomlari.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, bugungi kunda Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti ko‘plab xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lgan qo‘ygan bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlik o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikda ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish, xalqaro talabalar almashinuv dasturida yo‘lga qo‘yish kabi ko‘plab loyihalar va shartnomalar bo‘yicha ish olib bormoqda.
Jumladan, Koreya Respublikasi, Hindiston, Malayziya, Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Polsha, Latviya, Bolgariya, Ukraina, Portugaliya, Belgiya, Braziliya kabi ta'lim sohasida yuqori natijaga erishgan davlatlarning yuqori nufuzga ega oliy ta'lim muassasalari bilan keng hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro hamkorlik keyingi bosqichida respublikaga oliy ta'lim eksporti salohiyatini oshirishga qaratilgan strategiya ishlab chiqilib amaliyotga joriy etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Kelgusida institutga xorijiy talabalar sonini ko‘paytirish orqali faoliyatni yanada kengaytirish ishlari davom etmoqda.
Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida tahsil olayotgan quyidagi 10 nafar talaba ilk qaldirg‘ochlar sifatida 2+2 qo‘shma dasturi asosida Koreya Respublikasining Hanyang universiteti (Hanyang University)da o‘qishni davom ettirishi imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mavzuga oid
20:00 / 26.04.2022
Toshkent shahridagi Yodju texnika institutiga 2022-2023 o‘quv yili uchun qabul boshlandi
20:00 / 19.01.2022
Toshkent shahridagi Yodju texnika institutining ta’lim sifati darajasi xalqaro darajada e’tirof etildi
12:00 / 20.09.2021
Yodju texnika institutining Namangan filialiga qabul davom etmoqda!
19:00 / 22.04.2021