Jamiyat | 22:54 / 30.07.2020
10300
2 daqiqa o‘qiladi

63 yoshli qorovulni kaltaklagan samarqandlik zo‘ravon uch yilga qamaldi

Samarqand shahridagi Sartepa mavzesida joylashgan bozor qorovuli, 63 yoshli H.M. yosh yigit tomonidan ayovsiz kaltaklangani aks etgan video tarqalgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida otaxonni kaltaklagan A.T.ning ishi ko‘rildi.

Videodan kadr

Sudda ma'lum bo‘lishicha, joriy yilning 29 mart kuni soat tungi 2:30larda A.T. Samarqand shahridagi «Tabiat-saxovat» MChJ dehqon bozori oldida 63 yoshli H.M. bilan janjallashib, jabrlanuvchiga shafqatsizlik bilan og‘ir tan jarohati yetkazadi. 

Jabrlanuvchi H.M.ning sudda bildirishicha, u hududdagi bir nechta do‘konlar va oshxonaga ham qorovullik qilib kelgan. O‘sha kuni uning oldiga kelgan A.T. xot-dog tayyorlab berishni so‘raydi. Otaxon karantin sababli oshxonada masalliq yo‘qligini bildiradi. A.T. esa uni tashqariga chiqarib, do‘pposlay boshlaydi. H.M. IIBga shikoyat qilishini aytganda yigit g‘azablanib, kaltaklashda davom etadi.

Qorovul ularni boshqa bir fuqaro ajratganidan foydalanib, voqea joyidan qochishga ulguradi. Ammo yigirma daqiqa o‘tib A.T. uni topib olib, yuz va tanasining to‘g‘ri kelgan joyiga tepkilaydi. Jarayon hududdagi videokameralarda yozilib qoladi va video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘pchilikning g‘azabini keltirgandi.

Tibbiy ekspertiza H.M.ning lunj sohasi, chap quloq suprasi, burun, yuz qismida lat yeyish, shilinish, yelka suyagida yopiq sinish kabi jarohatlar mavjudligini aniqladi. A.T. sud majlisida qo‘yilgan ayblarga qisman iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymonligini ma'lum qildi. Kaltaklangan otaxon esa sudlanuvchiga hech qanday moddiy-ma'naviy da'vosi yo‘qligini bildirdi.

Ammo har qanday qilmishga jazo muqarrar. Sud A.T.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «v», «ye» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi. Unga nisbatan uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid