O‘zbekiston | 21:27 / 31.07.2020
34641
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Musa Yerniyazov vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati vakillari O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqi og‘ir judolikka uchradi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi – O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Musa Tajyetdinovich Yerniyazov shu yil 31 iyul kuni 73 yoshida og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.

Musa Yerniyazov 1947 yil 20 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, 1971 yilda Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari institutini, 1986 yili Toshkent Oliy partiya maktabini tamomladi.

Mehnat faoliyatini qurilish muhandisi lavozimidan boshlab, keyinchalik Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashida katta referent, boshqarma boshlig‘i, ishlar boshqaruvchisi bo‘lib ishladi.

1983-1989 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari – Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi raisi, Chimboy tumani hokimi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

2002 yildan hozirgi vaqtda qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari lavozimida ishladi.

Musa Tajyetdinovich Yerniyazov qariyb 50 yillik mehnat faoliyati davomida o‘zining ulkan rahbarlik salohiyati, boy bilim va tajribasi, ma'naviy fazilatlari bilan, Vatanimizga beqiyos muhabbati va sadoqati bilan haqli ravishda xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan ulug‘ inson edi.

Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, Orol bo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, aholining turmush darajasini oshirish bo‘yicha ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirildi.

Qoraqalpoq diyorida keyingi yillarda yuz bergan barcha ulkan o‘zgarishlar Musa Tajyetdinovich Yerniyazovning nomi va amaliy faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir.

U qoraqalpoq elining haqiqiy yetakchisi sifatida doimo xalqning dardu tashvishlari bilan yashadi. Ayniqsa, keksa avlod vakillari, mehribon opa-singillarimiz, aziz yoshlarimizning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning munosib kelajagini ta'minlash yo‘lida chinakam jonbozlik ko‘rsatib sidqidildan xizmat qildi.

Musa Tajyetdinovich Yerniyazov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish ishiga ulkan hissa qo‘shdi, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotimiz uchun zarur bo‘lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘lida ayniqsa  faollik ko‘rsatdi.

Musa Tajyetdinovich Yerniyazovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi” va “O‘zbekiston qahramoni” degan yuksak unvonlar bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning ulug‘ farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va fidoyi inson Musa Tajyetdinovich Yerniyazovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Q.Sariyev

Mavzuga oid