Jamiyat | 15:09 / 02.08.2020
6502
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan volontyor.uz platformasi ishga tushirildi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov pandemiya sharoitida Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

«Poytaxtimizdagi qaysi klinikalarda MRT va MCKT uskunalari borligi, qaysi holatda klinikaga murojaat qilish mumkinligi, tuman kesimida eng yaqin va faoliyat olib borayotgan klinikalar haqida batafsil ma'lumot bera oladigan (71) 200 17 20

Call-Markazi faoliyat olib bormoqda. Markazda 12 nafar Yoshlar ishlari agentligi ko‘ngilli yoshlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali @Shifoline_bot ishga tushirildi. Mazkur botning vazifasi Toshkent shahrida joylashgan MSKT, PsR, kislorod beruvchi apparatlari bor klinikalarda onlayn navbatni tashkil qilishdan iborat. Bundan asosiy maqsad klinikalarning ishini yengillashtirish, aholining bir joyda to‘planishining oldini olish, issiq kunlarda ko‘chada uzoq vaqt qolib ketmaslik va vaqtni to‘g‘ri, unumli sarflashdir», dedi agentlik vakili.

Bundan tashqari, agentlik tomonidan volontyor.uz platformasi ishga tushirilgani haqida ma'lumot berildi. Unga ko‘ra, mazkur platforma orqali respublikadagi barcha insonlar ko‘ngilli sifatida ro‘yxatdan o‘tishi imkoniyati paydo bo‘lgan. Ular ijtimoiy yoki tibbiy volontyor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan holda Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma va mahalliy bo‘linmalari bilan birgalikda faoliyat olib boradi. Buning natijasida respublikadagi barcha ko‘ngillilar bazasi shakllantirilib, har bir hududda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar olib boriladi.

Bugun, 2 avgust soat 14:00 ga qadar mazkur platforma orqali 2700dan ortiq ko‘ngillilar ro‘yxatdan o‘tgan va malakali mutaxassislar tomonidan ularni o‘qitish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid