O‘zbekiston | 07:39 / 10.08.2020
8259
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda va xorijda hujjatlarni konsullik legallashtirish tartibi ochiqlandi

O‘zbekiston Respublikasida va xorijda hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish tartibi tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida va xorijda hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizom xorijdagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan xorijda va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasida hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish tartibini belgilaydi.

Hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish hujjatlardagi hamda dalolatnomalardagi imzolarning haqiqiyligini, hujjatni yoki dalolatnomani imzolagan shaxsning vakolatlarini, legallashtirishga taqdim etilgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini hamda bu hujjatlar va dalolatnomalarning xorijiy davlat yoki O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiqligini aniqlash va shahodatlashdan iboratdir. Konsullik tomonidan hujjatlar va dalolatnomalarning legallashtirilishi ularning xalqaro munosabatlardagi qonuniyligini tasdiqlaydi.

Konsullik legallashtirish hujjat yoki dalolatnomada bayon etilgan faktlarni emas, balki faqat ularni imzolagan shaxsning vakolatlarini, legallashtirishga taqdim etilgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini aniqlash va shahodatlashdan iboratdir.

Konsullik legallashtirish funksiyasini:

a) xorijiy davlatlarda — O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari;

b) O‘zbekiston Respublikasida — O‘zbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamenti bajaradi.

Xorijiy davlatlarda hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish funksiyalari konsullik mansabdor shaxsiga yuklatiladi.

Agar biror-bir sababga ko‘ra konsul o‘z funksiyalarini bajara olmasa yoki konsul lavozimi vaqtinchalik bo‘sh bo‘lsa, konsulning vazifalari xorijiy davlat hududida joylashgan mazkur yoki boshqa konsullik muassasasining boshqa mansabdor shaxsiga yoki ushbu davlat hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasining diplomatik xodimlaridan biriga topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasida hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish funksiyalari O‘zbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamentining xodimlaridan biriga yuklatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi muassasalari va tashkilotlari chet davlatning muassasalari hamda tashkilotlaridan jo‘natiladigan hujjatlar va dalolatnomalarni ular konsullik tomonidan legallashtirilgan taqdirdagina, agar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki O‘zbekiston Respublikasi hamda muassasalari va tashkilotlaridan mazkur hujjatlar va dalolatnomalar jo‘natiladigan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.

Konsul konsullik okrugidagi hokimiyat organlari vakillari ishtirokida tuzilgan yoki ushbu hokimiyat organlaridan jo‘natiladigan hujjatlar va dalolatnomalarni legallashtiradi.

Konsul chet elning rasmiy hujjatini legallashtirishni amalga oshirishi uchun zarur hollarda mazkur hujjatning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi yoki boshqa tillardagi notarial tartibda tasdiqlangan tarjimasini taqdim etishni talab qilishga haqli.

Xorijda har qanday harakatni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi tashkilot va muassasalari tomonidan bunday harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnomalarni hamda ushbu tashkilot va muassasalar faoliyati bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni legallashtirish O‘zbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

Agar xorijiy davlat qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari va muassasalari tomonidan rasmiylashtirilgan va xorijiy davlat hududida foydalanishga mo‘ljallangan hujjatlar va dalolatnomalar legallashtirilishi talab etilsa, ular legallashtirilishi lozim.

Agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan rasmiylashtirilgan va O‘zbekiston Respublikasida foydalanishga mo‘ljallangan hujjatlar va dalolatnomalar legallashtirilishi talab etilsa, ular legallashtirilishi lozim.

Quyidagi hujjatlar va dalolatnomalar konsullik legallashtirilmaydi:

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan;

o‘z mazmuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan;

noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma'lumotlar mavjud bo‘lgan.

tozalashlar, qo‘shimcha yozuvlar yoki qayd etilmagan tuzatishlar, shuningdek qalam bilan yozilgan yozuvlar mavjud bo‘lgan;

bir necha varaqlarda tuzilgan, lekin tartib raqami qo‘yilmagan, tikilmagan, hujjat yoki dalolatnomani taqdim etgan tashkilotning muhri va mansabdor shaxsning imzosi bilan shahodatlanmagan bo‘lsa;

hujjatlarga imzo faksimileda qo‘yilgan bo‘lsa.

Shuningdek, pasport, partiyaga mansublik haqidagi hujjatlar, kasaba uyushmasi chiptalari, harbiy biletlar, milliy namunadagi ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlar, toifa yoki diniy e'tiqodga mansublik haqidagi hamda fuqarolik muomalasidan chiqarilgan mol-mulk hujjatlarining asli va nusxalari legallashtirilmaydi.

Agar hujjatga yoki ushbu hujjatga biriktirilgan varaqqa apostil qo‘yilgan bo‘lsa, bu hujjatni legallashtirish talab etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining tashkilotlari va muassasalari apostil qo‘yilgan hujjatlarni, agar apostil O‘zbekiston Respublikasi bilan munosabatlarda chet elning rasmiy hujjatlarini legallashtirishga doir talabni rad etadigan Konvensiya qo‘llaniladigan chet davlatning vakolatli organi tomonidan qo‘yilgan bo‘lsa, qabul qilishi shart.

Mavzuga oid