Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi AQSh sudi tomonidan so‘roqqa chaqirtirildi
AQSh sudi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon hamda podshohlikning yana bir qator fuqarolarini Saudiya razvedkasining sobiq xodimi Sa'd Al-Jabriyning sudga arizasi bo‘yicha so‘roqqa chaqirtirdi. Bu haqda “Al-Jazira” telekanali xabar berdi.
Al-Jabriyning ta'kidlashicha, Saudiya hukumati uni podshohlik saroyi va Saudiya Arabistonidagi hukmron doiralar haqida maxfiy axborotga egaligi sababli AQSh va Kanada hududida o‘ldirmoqchi bo‘lgan hamda uni ortga qaytishga majbur qilish maqsadida farzandlarini hibsga olgan. Al-Jabriyning ma'lum qilishicha, unda valiahd shahzoda shaxsiy yollanma qotillar otryadini tuzgani haqida ma'lumot bor. Bu otryad a'zolari saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining 2018 yilda Istanbuldagi bosh konsulxonada o‘ldirilishida ishtirok etgan.
Sobiq razvedkachining Kolumbiya okrugi federal sudiga bergan da'vo arizasida valiahd shahzoda ingliz monarxi Richard III’ga qiyoslangan. “Musht – biz uchun vijdon, qilich – bizning qonun” – “Richard III”, Uilyam Shekspir. Bu qirol bo‘lishga intilib, bolalarni o‘g‘irlagan, ittifoqdoshlarni boshqargan va o‘z yo‘lida turganlarni o‘ldirgan odamning so‘zlari. Shekspir bu she'rni yozgandan bir necha yuz yil o‘tib, biz hokimiyatga shunday tashnalik sababli yuzaga kelgan ushbu arznomani topshirmoqdamiz. Biroq bu holatda gap Saudiya Arabistonining bo‘sh taxti, uni egallashga intilayotgan odam haqida ketmoqda – Bu Muhammad bin Salmon”, deyilgan arizada.
Al-Jabriyning ta'kidlashicha, uning taqdiri ham Jamol Qoshiqchiniki kabi tugashi mumkin edi. Vashingtondagi sud valiahd shahzodadan tashqari, Qoshiqchining o‘ldirilishida gumon qilinayotgan yana ikki saudiyalikni so‘roqqa chaqirtirgan. Bular – shahzoda Muhammadning maslahatchisi Saud al-Qahtoniy va umumiy razvedka boshlig‘i sobiq o‘rinbosari Ahmad Asiriy. Bundan tashqari, yana 10 kishini so‘roq qilish rejalashtirilgan.
Al-Jabriy ayni vaqtda Kanadada yashamoqda. U podshohlikni bir necha yil oldin, shahzoda Muhammad bin Naif davlat ishlaridan chetlatilgandan keyin tark etgan.
Bir vaqtlar shahzoda Muhammad bin Naif podshohlikdagi eng nufuzli odamlardan biri hisoblangan, Vashington va London bilan yaqin bo‘lgan. U 1999 yilda podshohlikning ichki ishlar vazirligiga maslahatchi bo‘lib kelgach, 13 yil davomida terrorchilikka qarshi kurashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishga mas'ul bo‘lgan. Shahzoda taxtni egallash uchun podshohlik asoschisi, uning birinchi podshohi Abdulaziz ibn Abdurahmonning nabiralari orasidagi navbatda birinchi bo‘lgan. Biroq podshoh Salmon 2017 yilda taxtni egallagach, uning o‘rniga o‘z o‘g‘li Muhammad bin Salmonni valiahd shahzoda etib tayinlagan. Shundan keyin Muhammad bin Naif barcha lavozimlardan mahrum etilgan va doimiy nazorat ostida ushlab turilgan. 2020 yil mart oyida OAVda Muhammad bin Naif va yana 20 ga yaqin shahzoda hibsga olingani haqida xabar paydo bo‘lgan.
Mavzuga oid
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
22:14 / 13.11.2024
Tramp lavozim taqsimlamoqda: Pentagon jurnalistga, Maskka yangi departament
15:44 / 13.11.2024