Yaponiyaga “Xayshen” superto‘foni yopirildi
Yapon meteorologlari yaqinlashayotgani haqida 3 kun avval ogohlantirgan “Xayshen” superto‘foni Yaponiyaning janubiy prefekturasi Okinavaga yopirildi. To‘fon o‘z ortidan kuchli yomg‘ir va shamollar olib kelmoqda.
Kyodo axborot agentligining ma'lum qilishicha, bir necha kishi jabrlangan. Hozirda to‘fon 35 km/soat tezlik bilan shimol tomon yo‘nalmoqda va Kyusyu orolidagi uchta yirik prefekturaga xavf solmoqda. Undagi shamol kuchi 234 km/soatgacha yetmoqda. To‘fon Okinavaga yetib kelganda undagi shamol tezligi 182 km/soatni tashkil qilgan.
To‘fon 7 sentyabrda Koreya yarimoroliga yetib borishi kutilmoqda. Bu “Maysak” to‘fonidan keyin oxirgi kunlarda yarimorolga yopirilayotgan ikkinchi kuchli to‘fon bo‘ladi. “Maysak” Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya va Rossiyaning Primore o‘lkasiga anchagina talafot yetkazdi.
Meteorologlar “Xayshen”ni Yaponiyaga 1959 yilning sentyabrida katta talafotlar yetkazgan “Veri” superto‘foniga qiyoslashmoqda.
7 sentyabrda Kyusyu orolining janubiy hududlarida 50 smgacha yog‘ingarchilik tushishi kutilmoqda. Yaponiya hukumati to‘fon yo‘lida joylashgan hududlardagi 3 mlndan ko‘proq aholini xavfsiz joylarga vaqtinchalik ko‘chib o‘tishga chaqirgan.
Yomon ob-havo sharoiti sababli ko‘plab kompaniyalar o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtashini e'lon qilgan. Jumladan, Canon kompaniyasi Kyusyu orolidagi 7 ta zavodida ishni to‘xtatishini e'lon qilgan. Xuddi shunday choralar haqida Toyota, Daihatsu Motor, Sony kompaniyalari ma'lum qilgan. Shuningdek, Japan Airlines va All Nippon Airways aviakompaniyalari reyslarning bir qismini bekor qiladi.
Bundan tashqari, Kyusyu orolida 7 sentyabrda temir yo‘l transporti, jumladan Sanyo Shinkansen tezyurar poyezdi o‘z ishini to‘xtatishi kutilmoqda. Shuningdek, bir nechta savdo tarmoqlari, jumladan Seven-Eleven Japan, FamilyMart, Lawson o‘z do‘konlari yopilishi yoki ish vaqti qisqartilishini e'lon qilgan.