Jamiyat | 10:41 / 07.09.2020
17516
3 daqiqa o‘qiladi

“Tuzalib ketsam, buyuk rollarni ijro etaman, xolajon...”

Boburmirzo Mamataliyev katta hayotga endi qadam qo‘ymoqda – u 19 yoshda. Ulkan orzu va maqsadlar tuzib yurgan chog‘ida unga dard ilakishdi, tashxis – jigar sirrozi.

Xolasining aytishicha, endigina kollejni bitirgan Boburmirzo teatrga qiziqadi. Teatrlarda rollar ijro etsam, shu sohada o‘qib, bilim olsam, degan o‘spirinning maqsadlariga erishishiga dard to‘sqinlik qilmoqda.

– 4 yildirki, jiyanim dard bilan olishib kelmoqda. Shifokorlarning aytishicha, jigarning asosiy qismi zararlanib bo‘lgan. Bu ham yetmagandek, taloqda ham kasallik aniqlandi.

Andijondagi bir qancha shifoxonalar, xususiy klinikalarga qatnadik. Poytaxtga olib borib, Toshkent tibbiyot akademiyasi shifoxonasiga ham yotqizdim. Zararlanish foizi yuqori bo‘lgani uchun o‘zimizda davolashning iloji yo‘q, Hindistonga olib borish kerak, deyishyapti. Hindistonga borish, viza, shifoxonaga yotqizish, operatsiya – hamma xarajatlar uchun 35 ming dollar kerak bo‘lyapti.

Sotiladigan narsalarni sotdik, bu pulning ancha qismini tayyorladik, ammo baribir yetmayaptida.

Boburmirzoning ota-onasi necha yildirki, 2 yoshli ukasi bilan Rossiyada mehnat qilishyapti. Chunki tirikchilik g‘ami shunga majbur qilgandi. Bu yoqda endi bu dard paydo bo‘ldi... Jiyanim keksa bobo-buvining qaramog‘ida. Nevarasining dardi ularning ham qaddini bukib qo‘ydi. Singilginamning jigarbandi shifo topsin, deya yelib-yugurib yuribman.

Boburmirzo o‘zim pul topaman deb ishga kirmoqchi ham bo‘ldi. Salomatligidagi muammolar tufayli ishga olishmadi. “Kasalmand deb endi hech qayerda qabul qilishmaydimi”, deb 1 hafta ichikib, dorilarini ham ichmay qo‘ydi...

Operatsiya qanchalik tez o‘tkazilsa, ijobiy natija bo‘lishiga shunchalik umid yuqori. Hamyurtlarimizning yordamidan umidvorman. Boburjonning o‘zi ham ibodatlarida faqat shuni so‘raydi”, – deydi bemorning xolasi Sohiba Ahmadaliyeva.

Boburmirzo Mamataliyevga tegishli ma'lumotlar:

UzCard (Click, Payme): 8600 0204 4453 3033 (bemorning xolasi Sohiba Ahmadaliyeva nomida)

HUMO: 9860 0301 6502 4032 (bemor Boburmirzo Mamataliyev nomida)

VISA: 6210 4501 1250 8122 (bemorning xolasi Sohiba Ahmadaliyeva nomida)

Sberbank: 5469 6200 2656 6354 (bemorning onasi Shohista Mamataliyeva nomida)

Telefon: +998902686933

To‘g‘ri, 35 ming dollar katta pul. Ammo uning asosiy qismi to‘plangan, qolaversa, el bir siqimdan bersa to‘ydiradi, degan naql bor. Har birimiz qurbimiz yetguncha katta hayot ostonasida turgan o‘spirinning shifo topishi uchun harakat qilsak, Boburmirzo el koriga yaraydigan inson bo‘lsa, ajabmas. Alloh ehsoningizning savobidan ikki dunyoda bahramand aylasin.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Mavzuga oid