O‘zbekiston | 23:07 / 08.09.2020
8806
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qanday ketmoqda? Mirobod tumanidan reportaj

Kuz kirib, salqin kunlar boshlanishi bilan joylarda qish mavsumiga tayyorgarlik mavzusi yana kun tartibiga chiqdi. Respublika hududlari qatori, Toshkent shahrining ham barcha tumanlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boshlangan. Maxsus komissiya tayinlanib, tumanlardagi vaziyat o‘rganilmoqda. O‘rganishlar davomida qator muammolar ko‘zga tashlanyapti.

Poytaxtda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qay darajada olib borilmoqda? Muammolar joyida bartaraf etilyaptimi? Shu savollarga javob izlab, poytaxtning Mirobod tumanidagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdik.

Tumanning Shahrisabz ko‘chasida umumiy uzunligi 5,4 km bo‘lgan piyodalar yo‘lakchasi qurilayotganiga guvoh bo‘ldik. Yo‘lakchada ko‘zi ojizlar va velosipedchilar uchun ham alohida sharoitlar mo‘ljallanishi ko‘zda tutilmoqda ekan. Shuningdek, tumanda ko‘chalardagi noqonuniy o‘rnatilgan va hokimlik bilan shartnomasi bo‘lmagan reklama bannerlari ham olib tashlanmoqda.

Mirobod ko‘chasida (Nukus ko‘chasidan Shahrisabz ko‘chasigacha bo‘lgan qismida) eskirgan tungi yoritish moslamalarini zamonaviy tungi yoritish ustunlarga almashtirish ishlari olib borilmoqda. Tuman hokimligi vakilining ma'lumot berishicha, ushbu ishlar homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Jami 1,2 mlrd so‘m ajratilgan.

Shuningdek, tumanning Yangi Mirobod MFY hududidagi 3-tor Mironshoh 5-uy yon tomonida sovuq suv tizimi quvuridagi nosozlikni ta'mirlash tashkillashtirilib, avariya holati bartaraf qilinmoqda. Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, quvur yorilganiga 2 kun bo‘lgan.

Keyingi manzilimiz – tumanning Fayzobod MFY bo‘ldi. Mahalla ahlini bir necha yillardan beri yog‘och ustunlarning eskirgani qiynab kelmoqda ekan. Bir necha joylarga murojaat qilishgan, ammo natija bo‘lmagan. Hozirda xududda eskirgan yog‘och ustunlarni zamonaviy temir-beton ustunlarga almashtirish ishlari boshlab yuborilgan.

Tumandagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan tanishar ekanmiz, qiziq bir holatga duch keldik. Mahallalardan biridagi ko‘chalar va fuqarolarning uylari oldini tuman obodonlashtirish ishchilari tozalayotganiga guvoh bo‘ldik, lekin obodonlashtirish boshqarmasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar tashkilot vakolatiga kirmaydi.

«Bu ishlar Obodonlashtirish boshqarmasi ishchilarining vazifasiga kirmaydi. Lekin shahar tozaligi uchun qilishga majburmiz. Shu o‘rinda fuqarolarimizga iltimos qilib qolmoqchiman. O‘z uylari hududini toza, ozoda tutib, shahrimiz tozaligiga hissa qo‘shishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi», deydi Mirobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi rahbari.

Ayni kunlarda poytaxtning boshqa tumanlarida ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Mavzuga oid