Yangihayot va Davlatobod tumanlari tashkil etildi
Senat yalpi majlisida Toshkent shahrida Yangihayot tumani, Namangan viloyatida Davlatobod tumani tashkil etilishi to‘g‘risidagi qaror ma'qullandi.
Senatning yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 69, 78-moddalariga hamda «O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida»gi Qonunining 18, 23 va 25-moddalariga muvofiq, «Toshkent viloyati Zangiota, Quyi Chirchiq, Yangiyo‘l va O‘rta Chirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risida»gi Oliy Majlis Senatining Qarori tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil may oyida Zangiota va Sergeli tumanlariga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu taklif joriy yil iyul oyida Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish masalasi xalq deputatlari Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati Kengashlari tomonidan ma'qullangan.
Yangidan barpo etilayotgan Yangihayot tumaniga Toshkent shahridan 2 131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2 288,4 gektar, jami 4 419,6 gektar yer maydoni ajratilib, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtirilmoqda.
Bu bilan Yangihayot tumanida 115 ta sanoat korxonasi, 277ta xizmat ko‘rsatish korxonasi, 1 148,8 gektar qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar va 388,8 gektar aholi tomorqa yerlari nazarda tutilgan.
Tadbirda so‘z olgan Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani tashkil etish uchun sabab bo‘lgan omillar haqida gapirdi.
«Birinchidan, 2017-2020 yillar davomida Sergeli tumanida 460tadan ko‘proq ko‘p qavatli turar-joy barpo etilib, ushbu xonadonlarga Toshkent shahrining barcha tumanlaridan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan 100 mingdan ortiq aholi ko‘chib kelgan. Endilikda ushbu aholi uchun ijtimoiy infratuzilmalarni yaratish, ishchi o‘rinlarini tashkil etish, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni profilaktika qilish, turmush darajasini oshirish dolzarb masala bo‘lib turibdi. Yangi massivlardagi aholi bilan ishlash, ularni ijtimoiy himoyalash samarali davlat xizmatlarini ko‘rsatish, hududni boshqarishda alohida yondashuvga ehtiyoj sezilmoqda.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati o‘rtasidagi o‘zaro anklav hududlar mavjud bo‘lib, u yerda yashovchi fuqarolarga transport, kommunikatsiya, kommunal, tibbiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda ko‘plab noqulayliklar kelib chiqmoqda», dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
U Yangihayot tumani tashkil etilishi bilan erishiladigan natijalar haqida gapirdi.
«Mazkur tuman Toshkent shahri bo‘ysunuvidagi tumanlar toifasiga kiritilib, tuman hokimligi va davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘limlari tashkil etiladi. Boshqaruv samaradorligi yaxshilanadi. Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtiriladi. Tumanda 1148 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud bo‘lib, o‘z navbatda hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, issiqxonalar va muzlatkichlar barpo etish orqali tumanning eksport salohiyati ham oshirib boriladi. Hududda urbanizatsiya jarayonini jadallashtirish, ijtimoiy soha va infratuzilma obektlari barpo etishga ustuvor vazifa sifatida qaraladi», dedi Toshkent shahri hokimi.
Mavzuga oid
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024
Telekommunikatsiya sohasida operatorlar va provayderlarga adolatli raqobat muhiti ta’minlanadi
21:49 / 14.10.2024