O‘zbekiston | 17:01 / 05.10.2020
9102
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston temir yo‘llari»da raqobatni cheklashning turli shakllari qo‘llab kelinmoqda - Senat

5 oktabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi bilan birgalikda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning «Uzbekistan Airways», «O‘zbekiston temir yo‘llari» hamda «O‘zmetkombinat» AJlar tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga bir qator savollar bilan murojaat qildi.

Najmiddinxo‘ja Sharipov

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan qanday tariflar qo‘llanmoqda? Bu borada ko‘p savollar bor. Tariflarni qo‘shni davlatlar bilan taqqoslagan holatlar ham ko‘p bo‘ladi va bizning tariflarimiz qimmat degan xulosa keladi.

Shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, bizning temir yo‘l tizimimizda qo‘llanayotgan tarif 90-yillarda ishlab chiqilib, 2000 yilda tasdiqlangan narxnomaga binoan amalga oshiriladi.

Narxni oshirish va tushirish kerak bo‘lsa, o‘sha narxnomaga asosan, koeffitsiyentlar qo‘llab kelinmoqda. O‘ylaymanki, narxnomani qaytadan ko‘rib chiqish kerak. 20 yil oldin qabul qilingan narxnoma bugungi kun talabiga qanchalik javob beradi?», deya Najmiddinxo‘ja Sharipovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqarma boshlig‘i Umidulla Ibragimovning qayd etishicha, hozirgi kunda eksport tariflari ham mahalliy yuklarning tashuv narxiga tenglashtirilgan. Moliya vazirligi bilan birga tariflarni qayta ko‘rib chiqish ishlari amalga ham oshirilmoqda. Olimlar va xalqaro tajribaga ega mutaxassislar jalb qilingan holda vaziyat o‘rganilmoqda. Eng asosiysi, hozirgi kunda tariflardan tushadigan mablag‘lar «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning yo‘lovchi tashish tizimida subsidiya tarzida ishlatiladi.

Tadbirda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rganishlariga ko‘ra, temiryo‘l tizimida qator kamchiliklar aniqlangani ma'lum qilindi.

Tahlillar ichki bozorda raqobat mavjud emasligi tufayli «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xizmatlar sifatini oshirish va moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llashdan manfaatdor emasligini ko‘rsatgan.

Tashkilot tomonidan bugungi kunda mijozlar uchun nihoyatda ko‘p qulaylik yaratadigan raqamli mahsulotlarni qo‘llash tizimi sust tashkil etilgan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ inventar parkining eskirish darajasi yuqori bo‘lib, vagonlar yetishmaydi, mavjud barcha vagonlarning 80 foizdan ko‘prog‘i 30 yildan ko‘proq vaqt davomida foydalanilmoqda.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tizimida raqobatni cheklashning turli shakllarini qo‘llab kelinmoqda. Xususan, jamiyat faqat 4ta ekspeditorlik tashkilotlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzgan. Boshqa ekspeditorlar faqat ushbu tashkilotlar orqali faoliyat olib borishi tashkil etilib, bu ishtirokchilar uchun tovar, moliya va xizmatlar bozorlarida tengsizlikni keltirib chiqarmoqda.

«Aholiga xizmat ko‘rsatish tizimida vokzallarga kirish tartibi haddan tashqari tartibga solinib, byurokratik tamoyillarning kuchaytirib yuborilgani natijasida vokzallarning o‘zini-o‘zi ta'minlashi uchun imkoniyatlardan yuqori darajada foydalanish mumkin bo‘lgan xalqaro tajribalar amalga qo‘llanmay kelinmoqda», deyilgan Senat matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid