O‘zbekiston | 20:39 / 13.10.2020
3979
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri MAGATE delegatsiyasi bilan muzokara o‘tkazdi

 12 oktabr kuni O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov MAGATE bosh direktori o‘rinbosari va Kafolatlar departamenti rahbari Massimo Aparo boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Vazirlik matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, tomonlar O‘zbekiston va Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

 “Janob Aparo xavfsizlik masalalari bo‘yicha MAGATE va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro samarali aloqalar mavjudligini va yadroviy dasturni ishlab chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilinishini hisobga olgan holda, mamlakatning majburiyatlari yanada oshishini ta'kidladi va buning uchun seminarlar tashkil etish va kadrlar tayyorlash orqali to‘liq hamkorlikka tayyorligini bildirdi. MAGATE va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida qayd etildi.

MAGATE delegatsiyasi O‘zbekistonning yadro texnologiyalarini rivojlantirish borasidagi siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligiga ishonch bildirib, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va qadamlarni alohida ta'kidladi”, deyiladi xabarda.

«Biz MAGATE bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik munosabatlarini yuksak qadrlaymiz va uni kelgusida yanada kengaytirish niyatidamiz», - deya ta'kidladi uchrashuv chog‘ida Alisher Sultonov. 

Shuningdek, O‘zbekiston mamlakatda yadro energiyasi bo‘yicha milliy dasturni ishga tushirish bilan barcha xalqaro majburiyatlarni bajarishga intilayotgani qayd etildi. 

Toshkentga tashrif asnosida MAGATE delegatsiyasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida bo‘ldi, Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov bilan muzokaralar o‘tkazilib, yadro materiallari kafolatlari masalalari muhokama qilindi.

2019 yil avgust oyida O‘zbekistonda MAGATE bilan hamkorlikning 25 yilligi keng nishonlandi. Mazkur hamkorlik 2018 yilda O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish va Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom”) tashkil etilganidan buyon yangi bosqichga ko‘tarildi.

Mavzuga oid