Jahon | 21:48 / 13.10.2020
30431
8 daqiqa o‘qiladi

Qish yaqinlashmoqda. Koronavirusdan qanday himoyalanish kerak?

Maktablar, universitetlar, korxonalar ochilmoqda va borgan sari koronavirusga chalinganlar soni ham ortib bormoqda. Tabiiyki, qish oylari yaqinlashishi bilan ob-havo soviydi va biz ko‘proq yopiq makonlarda vaqt o‘tkazishga hozirlik ko‘ramiz.

Foto: AP/TASS

Xo‘sh, koronavirusdan o‘zimizni qanday himoya qilishimiz kerak? Koronavirus sovuq havoda o‘zini qanday tutadi va undan qay tariqa himoyalanish mumkin?

Mutaxassislar Covid-19’ning mavsumiy kasallik ekanligi borasida hanuz bir qarorga kela olishmadi, ammo Reading universiteti virusologiya professori Yan Jons Britaniyaning «Daily Telegraph» gazetasiga bergan intervyusida gripp kabi nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklar yozda kamroq tarqalishini aytdi.

Virus qish oylarida kuchliroq bo‘ladi
«Buning sababi shundaki, ular nafasdagi havo tomchilari orqali tarqaladi. Ushbu tomchilar iliq va quruq sharoitda, ayniqsa, ultrabinafsha nurlar ta'sirida tezroq quriydi. Virus tez tarqaluvchi qish oylarida esa buning aksi kuzatiladi», deydi professor Yan Jons.

Ba'zi tadqiqotchilar koronavirus sovuq iqlim sharoitida yaxshiroq rivojlanishini va bu kasallik iliq iqlimli hududlardan ko‘ra ko‘proq Yevropaga zarar yetkazishi mumkinligini ta'kidlashmoqda.

Yevropaning sakkiz mamlakati, shu jumladan, Buyuk Britaniyada Covid-19 kasalxonalariga yotqizilgan 7 ming kishiga oid ma'lumotlarga ko‘ra, haroratning har bir ortish darajasi o‘lim ko‘rsatkichining taxminan 15 foizga pasayishiga olib keladi.

Biroq mutaxassislarning ta'kidlashicha, yangi kasallanish holatlarining mavsumiy ortishi sovuq ob-havodan ko‘ra virusning xatti-harakatiga ko‘proq bog‘liq.

«Yopiq makonlarga o‘tish katta ehtimol bilan qish oylarida virusga chalinish holatlari oshishiga eng katta ta'sir qiluvchi kuchdir», deydi mikrobiolog doktor Antryu Preston.

Yopiq makonlarda nima qilish kerak?
Ta'kidlash joizki, yetarli darajada shamollatilmagan yopiq joylar eng xavfli muhit sifatida ko‘rilmoqda.

«Infeksiya zanjirining boshlang‘ich nuqtasi – odamlar ko‘p to‘planadigan yopiq joylardir. Shu bois, yaxshi havolantirilgan, ijtimoiy masofa saqlangan va shovqin bo‘lmagan joylarni tanlang. London va Yaponiyada o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar aloqa qilish uchun baqiradigan joylarda virus yuqish holati ko‘p kuzatiladi», deydi Sauthempton universitetining jamoat salomatligi bo‘yicha eksperti doktor Maykl Hed.

Qo‘lni yuvib yurish va niqob taqish hanuz yopiq hudud sharoitida o‘zini himoya qilishning eng yaxshi usuli bo‘lib qolmoqda.

Ayni paytda Angliyada ochiq joylarda niqob taqish majburiy emas, lekin Italiya va Fransiyaning ba'zi hududlarida tashqarida niqob taqish majburiy hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, agar niqob namlangan bo‘lsa, u bakteriyalarni tutib qola olmaydi, ustiga ustak, u nafas tomchilarini ham tashqariga chiqarib yuboradi. Bu holatda niqob taqish samarasiz bo‘lib, shu bois yoningizda zaxira niqob olib yurish tavsiya etiladi.

«Niqoblarni muntazam ravishda almashtirib turish kerak va bu ayniqsa, nam va yomg‘irli ob-havo sharoitida juda muhim ahamiyatga ega», deydi epidemiologiya mutaxassisi professor Tim Spektor.

Uyda ko‘rilishi lozim bo‘lgan ehtiyot choralari
Uydagi yig‘inlar virusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni ko‘payishining eng asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Shuning uchun ko‘plab mamlakatlarda mahalliy karantin qoidalari amalga oshirildi.

Oksford universitetida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, yuqumli kasalliklar bemorda u bilan bog‘liq alomatlar paydo bo‘lishidan oldin boshlanadi. Ya'ni boshqalar bilan uchrashganingizda o‘zingiz bilmagan holda xavf bilan ro‘baro‘ kelasiz.

Uydagi yig‘inlar yuqish-yuqtirish jarayonini harakatlantiruvchi kuchdir, chunki odamlar ushbu turdagi uchrashuvlarda ko‘proq vaqt o‘tkazishadi va bu vaziyatda ijtimoiy masofani saqlash ham oson kechmaydi.

«Uy sharoitida virusdan saqlanish oson bo‘lishi mumkin, ammo mehmonlar bilan juda yaqin bo‘lishdan saqlaning», deydi Kembrij universiteti doktori Shon Fitsdjyerald. 

Stullar orasida ham kamida bir metr masofa qoldirish va iloji boricha hovli yoki balkonga joy qilish maqsadga muvofiq.

Toza havoning kuchi
«Agar siz nafasi orqali virusni tashqariga chiqarayotgan odam bilan bir xonada bo‘lsangiz va u yerda shamollatish tizimi bo‘lmasa, vaqt o‘tishi bilan viruslarning miqdori ko‘payib boradi», deydi doktor Antryu Preston.

Bu nafaqat koronavirus yuqtirib olish ehtimolini, balki «virus yuki» bilan og‘ir kasallikka chalinish xavfini ham oshiradi.

Doktor Shon Fitsdjyerald ham xonada birdan ortiq kishi bo‘lgan vaziyatlarda derazani ochib qo‘yishni tavsiya qiladi. 

«Sovuq havoda har doim derazalarni ochiq qoldirish haqida o‘ylashingiz lozim, ayniqsa, uyda mehmoningiz bo‘lsa. Shamollab qolishdan saqlanish uchun esa boshqa xonalardagi derazalarni ochish, uy ichidagi eshiklarni ham ochiq qoldirish maqsadga muvofiq», deydi u.

Mutaxassislar qishda elektr ventilyatordan foydalanmaslik borasida ogohlantirmoqda. Chunki ventilyator viruslarni odamlarning yuziga urishi, bu esa vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Ehtimol, endi uyda issiqroq kiyinish vaqti ham kelgandir. Londonda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, markaziy isitish tizimlari bizni kasalliklardan himoya qiluvchi tomoq va burnimizdagi shilliq to‘siqni quritib, virusning tarqalishini tezlashtiradi.

Havoni filtrlovchi moslamaga ehtiyoj bormi?
HEPA filtrlari mavjud qurilmalar mikroskopik suv yoki shilimshiq zarralarni tutib qolishga qodir. Biroq ushbu filtrlarning havoni virusdan tozalashi yoki tozalamasligi ilmiy jihatdan hali isbotlanmagan.

AQShdagi Mayo klinikasi doktori Grigoriy Polandning ta'kidlashicha, havo filtrlash moslamalari ish berishi mumkin, ammo filtrlarni doimiy ravishda o‘zgartirib turish kerak.

Shuningdek, qaysi modelni tanlashda ham ehtiyot bo‘lish lozim. Ba'zi brendlar garchi hech qanday isbot bo‘lmasa-da, o‘z mahsulotlari havoni koronavirusdan tozalashini ta'kidlashmoqda. Shuningdek, filtrlarning samaradorligi xonaning kattaligi va filtrning joylashgan o‘rni bilan ham bog‘liq.

«Masalan, mening ilk tanlovim havo filtrlari bo‘lmaydi. Agar derazani ochish orqali xona havosini almashtirish imkoningiz bo‘lsa, shu yo‘lni tanlaganingiz ma'qul», deydi Shon Fitsdjyerald.

Shu bilan birga, internetda o‘nlab ultrabinafsha zararsizlantiruvchi vositalar sotiladi. Biroq mutaxassislarning ta'kidlashicha, viruslarni yo‘q qilish darajasida kuchli bo‘lgan ultrabinafsha nurlar teri kuyishiga olib kelishi mumkin.

D vitamini va immunitetni mustahkamlash uchun qanday ovqatlanish kerak?

D vitamini inson organizmini Covid-19’dan himoya qilishi yoki og‘ir kasalliklarning oldini olishi to‘g‘risidagi dalillar soni tobora ortib bormoqda.

Ispaniyada 76 nafar bemorni o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatdiki, D vitaminining qo‘shilishi intensiv terapiyada qolish ehtiyojini sezilarli darajada kamaytiradi.

Ammo mutaxassislarning ta'kidlashicha, 10 mkg.dan ko‘p bo‘lmagan dozani qabul qilish kerak, ya'ni me'yordan ortiqcha doza buyraklarga zarar yetkazishi va hatto Covid-19’ning yanada og‘ir kechishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Me'yorida, meva va sabzavotlarga urg‘u bergan holda ovqatlanish qish davomida sog‘lig‘ingizni himoya qilish uchun eng yaxshi yo‘ldir.

Agar yangi yilda ozishni maqsad qilgan bo‘lsangiz, buni kechiktirmang. Ortiqcha vazn, gipertoniya, diabet va yurak kasalliklari – koronavirusning xavf omilidir.

Mavzuga oid