Jahon | 00:00 / 18.10.2020
11724
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi: «Insoniyat imtihondan o‘tolmayapti»

BMT bosh kotibi koronavirusga qarshi kurashda dunyo davlatlari yakdil bo‘lmayotganini aytmoqda.

Foto: Getty Images

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bo‘lingan dunyo pandemiya qiyinchiliklariga qarshi kurashda mag‘lub bo‘lmoqda deb hisoblaydi. Bu haqida u Portugaliyaning «Lusa» axborot agentligi bilan suhbatda aytgan.

Uning aytishicha, jamoaviy harakatlar kerakli darajada qilinayotgani yo‘q, mikroskopik darajada kichik bo‘lgan virus esa odamlarni och va qashshoqqa aylantirmoqda. Bu kelgusi yillarda iqtisodiy halokatlarga ham olib kelishi mumkin. BMT rahbariga ko‘ra, millionlab odamlar ochlik va qashshoqlik domida qolib ketmasligi uchun hozir aniq harakatlar qilish kerak.

«COVID-19 sinov edi. Afsuski, insoniyat bu imtihondan o‘tolmayapti», deydi BMT bosh kotibi. Guterrishga ko‘ra, davlatlar hozirga qadar bir milliondan ortiq insonni olib ketgan virusga qarshi yakdillik bilan kurashganda, ko‘proq narsaga erishish mumkin edi.

Dunyodagi vaziyat yaxshi emasligini turli davlatlarda kuzatilayotgan ishsizlik holatining o‘sishi, xalqaro tashkilotlarning vaziyat yomonlashishi haqidagi prognozlari ham ko‘rsatmoqda.

Jahon banki yaqinda e'lon qilgan tahlillarga ko‘ra, 2021 yilgacha 150 million dunyo aholisi qashshoqqa aylanishi va ular orasida o‘qimishlilar ham bo‘lishi mumkin. Yana 176 million odamga qashshoqlik xavf solmoqda.

2020 yilda dunyo iqtisodiyoti Ikkinchi jahon urushi davridan buyon rekord darajada (5,2 foizga) pasayishi taxmin qilingan. Tiklanish uchun esa besh yilgacha vaqt ketishi aytilmoqda.

Mavzuga oid