O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirildi
21 oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy Fanlar Akademiyasi Mikrobiologiya instituti va “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan va hozirda klinik sinovda o‘tayotgan vaksina koronavirus yuza antigenining genetik-muhandislik oqsili bo‘lib, u adenovirus hamda inaktivlashgan vaksina turlari bilan taqqoslanganda yuqori darajada xavfsiz hisoblanadi. Genetik-muhandislik oqsili zararlangan organizmda aynan unga qarshi antitanachalar ishlab chiqaradi.
Muzokaralar davomida o‘tkaziladigan klinik sinovlarning barcha bosqichlari muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, O‘zbekiston ushbu vaksinani birinchilardan bo‘lib hamda arzon narxlarda xarid qilishda ustuvorlikka ega bo‘lishi ta'kidlandi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari xitoylik hamkorlar bilan emlash jarayonini tashkil etish, jarayonga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi. Klinik sinovlar 18 va undan katta yoshdagi ko‘ngilli insonlarda o‘tkazilishi kutilmoqda. Sinov boshlanishidan oldin Xitoy Xalq Respublikasi vakillari tomonidan emlash shartlarini tushuntirishga qaratilgan bir qator treninglar o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024
Britaniyada norovirusga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi
21:15 / 13.09.2024
JSST maymunchechakka qarshi birinchi vaksinani tasdiqladi
00:00 / 06.09.2024