Sport | 15:54 / 01.11.2020
9563
15 daqiqa o‘qiladi

Di Marsiodan hikoyalar: Messini to‘xtatgan Joze, Paratichining hiylasi va boshqalar

Futbol olamida insayderlarning o‘rni beqiyos – Fabritsio Romano, Nikolo Shira, Di Janluka Di Marsio kabi jurnalistlar ayniqsa transfer oynasi ochiq paytida asosiy informatorga aylanadi, ularning nomlari yirik nashrlar bilan teng quvvatda tilga olinadi. Top klublarning muxlislar armiyasi bu insonlarning «og‘zini poylab turishadi».

2020 yil Sky Sport'dagi «Calciomercato – L’originale» dasturi o‘z cho‘qqisiga chiqdi. O‘n olti yildan beri dushanbadan jumagacha har oqshom Janluka Di Marsio hamkasblari bilan transfer yangiliklari muhokama qilib, yuz minglab futbol ishqibozlarini ekran oldiga «mixlaydi». O‘rtacha auditoriya 162 ming atrofida bo‘ladi. Eng yuqori ko‘rsatkich esa 335 ming! Bu haqiqiy rekord.

Tvitterda Di Marsioning 1,2 million o‘quvchisi bor. Uning sayti Italiyada eng ko‘p tashrifchisi bor sport portallaridan biri – yiliga 100 million! Janluka uchun bir guruh futbol jurnalistlari ish olib borishadi, ammo deyarli har bir ma'lumot Di Marsioning o‘z nazoratidan o‘tadi.

U futbol olamiga tasodifan kelib qolmagan. Otasi Janni “Napoli”, “Jyenoa”, “Lechche”, “Kataniya”, “Palermo” kabi klublarda murabbiylik qilgan. Dastlabki tanishuvlar o‘sha bolalikdan boshlangan. Jurnalist bo‘lishni orzu qilgan yosh Di Marsio o‘shandayoq keyinchalik foyda keltiruvchi tanishlar orttira boshladi.

Shu oy Di Marsioning «Grand Hotel Calciomercato» nomli kitobi chop etildi. Jurnalist ushbu asarda futbol olamida, parda ortida bo‘lib o‘tgan ba'zi voqealar, amalga oshgan yoki oshmay qolgan mashhur transferlar haqida hikoya qilgan. Nega otel? Chunki aksariyat kelishuvlar aynan mehmonxona nomerlarida amalga oshadi.

“Shaharlar markazlaridagi restoranlar va mehmonxonalar – transferlar haqida gap ketganida, eng muhim joylar. Aynan shu yerlarda klub vakillari, agentlar, futbolchilar o‘rtasida uchrashuvlar amalga oshadi. Italiya transfer bozori shu yerlarda avj oladi”, – deydi u.

E'tiboringizga yuqorida tilga olingan kitobdan qiziqarli voqealarni havola qilamiz.

Restorandagi “ayg‘oqchi”

2013 yil 13 martda Di Marsio “Yuventus” sport direktori Fabio Paratichiga xabar yozdi: “Qalay, Londondagi Babbo restoranida ovqatlar shirinmikan?” Paratichi darhol qo‘ng‘iroq qildi: “Nimalar deyapsan? Qanaqa restoran? Qanaqa gap bu?” “Azizim Fabio, men hammasini bilaman. Kecha kechqurun sizlar o‘sha yerda edinglar, Teves va uning agenti ham bor edi. Hatto Konte ham. Aynan sizlar uchun restoranni yopib turishdi. Menga ertak aytma”, – deb xotirjam gapirdi Di Marsio.

Paratichi biroz jim turdi-da, keyin: “Hech kimga aytma, “Manchester Siti” vakillari xafa bo‘lishadi. Umuman, sen buni qayerdan bilding? Aneliga aytib qo‘y, bo‘lmasa, mendan eshitgansan, deb o‘ylaydi. Qayerdan bilding o‘zi, rostini ayt”, – deb yozg‘ira boshladi.

Hammasi oddiy. O‘sha restoranda idish yuvuvchi bo‘lib italiyalik Juzeppe Laudante ishlardi. Zalga faqat bosh oshpazgina kirishi mumkin edi, u esa yordamchisiga: “Ey, italiyalik, bilasanmi, “Yuventus” Tevesni sotib olyapti”, – deb yuboradi. Kechqurun esa Laudante Di Marsioga xat yozadi: “Men sening muxlisingman, senga bir yangilik aytmoqchiman...”

“Ahmoq direktorga sovg‘a”

2007 yil “Fiorentina” “Bayyer” bilan Vidalning 4,5 million yevrolik transferini kelishib oladi. Klub sport direktori Pantaleo Korvino Arturo va uning agenti Fernando Felichevichni o‘z uyiga mehmonga chaqirdi. Yakshanba kuni ertalab yig‘ilishga kelishdilar.

Shanba kuni “Fiorentina” Rimda “Latsio”ga qarshi o‘ynadi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Kechqurun esa jamoa murabbiyi Chezare Prandelli Korvinoga qo‘ng‘iroq qildi: “Menga qara, Leo, biz bugun zo‘r o‘ynadik, endi 4-3-3 dan voz kechdim, 4-2-3-1 ni tanladim. Bilmadim, balki, Vidal bizga endi uncha kerak bo‘lmas...”

Korvino agent bilan bog‘lanolmadi. Vidal va Felichevich samolyotga o‘tirib, yo‘lga chiqishgan, kelishilgandek ertalab 07:30 da Korvino eshigi tagida turishardi. Qahva ustida Pantaleo Vidalga barchasini tushuntirdi: “Bilasanmi, shunaqa vaziyat. Men har qanaqasiga sen bilan shartnoma tuzishga tayyorman, ammo qarorni sen bergin. Seni “Fiorentina”da ko‘rishdan xursand bo‘lamiz, ammo murabbiyning rejalarini ham bilishingni istadim”.

Vidal ochiqlik uchun minnatdorlik bildirdi va hali yosh, o‘smoqchi ekani, doimiy ravishda maydonga tushishi kerakligini aytdi.

Yillar o‘tib “Yuventus”da o‘ynab, “Bavariya”ga o‘tayotganda Vidal Korvinoga o‘z futbolkasini sovg‘a tariqasida yubordi. U yerda shunday so‘zlar yozilgandi: “Meni sotib olmagan ahmoq direktor uchun”. Albatta, bu beozor hazildan Korvino ranjimadi.

Gattuzo Odil Ahmedov bilan jamoadosh bo‘lishi mumkin edi

2011 yil fevralda “Milan” va “Tottenhem” uchrashuvi paytida Gattuzoning agenti Andrea D’Amikoning telefoni jiringladi. “Anji” egasi Suleyman Kerimovning kotibi futbolchini Moskvaga taklif etayotgandi.

Gattuzo va D’Amiko “Milan” rahbariyatiga hech narsa demasdan Moskvaga yo‘l olishdi. Ularni shaxsan Kerimov kutib oldi: “Taklifni qabul qilganingiz uchun rahmat. Hozir qabulimda Tojikiston prezidenti ham o‘tiribdi. Agar qarshi bo‘lmasanglar, u ham biz bilan birga tushlik qiladi. Aks holda, unga ketishini aytishim mumkin”.

Prezident qoldi. Gattuzo tuzatilgan dasturxon va keyinroq qilingan taklifdan shokka tushib qolgandi. Kerimov Gattuzoning “Tottenhem”ning yordamchi murabbiyi Jo Jordanning bo‘ynidan ushlab turgan rasmini ko‘rsatdi - “Sen kuchlisan, juda kuchlisan, sening o‘zingga ishonching menga yoqadi. Seni o‘z jamoamda ko‘rmoqchiman. Milanda qancha olasan?”. “Yiliga besh million yevro”, dedi Gattuzo. “Men senga o‘n million va besh yillik shartnoma taklif qilaman!”, dedi Kerimov. Rino nima deyishni bilmay qoldi, ammo Galliani bilan maslahatlashadigan bo‘ldi. Uni Milanda qolishga ko‘ndirishdi.

Kavani o‘rniga Iguain

2016 yil aprelda “Yuventus” qatorasiga beshinchi chempionlikni nishonladi. Butun jamoa kechasi bilan bayram qilgach, Fabio Paratichi Parijga uchdi. U Edinson Kavani bilan uchrashuvga kelishib qo‘ygandi. Ertalab soat o‘nda Paratichini hujumchining akasi va o‘rtada Marko Sommella kutib oldi. Edinsonning o‘zi yo‘q edi, oilasi bilan Nitssa va Monte Karloga uchib ketgandi.

“Yuventus” Kavanining bu harakatidan jahli chiqdi va muzokaralar to‘xtab qoldi. Shundan keyingina klub bosslari “Napoli” to‘purari Gonsalo Iguainni sotib olishga qaror qildilar.

“Klubing bilan qo‘shib sotib olaman”

Roman Abramovich “Chelsi”ni sotib olganida jamoada Janfranko Dzolaning yo‘qligidan hayratga tushdi. Italiyalik hujumchi “Chelsi” bilan shartnomani uzaytirmay, “Kalyari”ga o‘tib ketgandi.

“Nima? Prezidentlikning ilk kunimda menga “Chelsi” tarixidagi eng kuchli futbolchi ketib qolganini aytasizlarmi?” dedi jahli chiqib Abramovich.

Rossiyalik biznesmen mag‘lub bo‘lishni istamadi. U “Kalyari” prezidenti Massimo Chellinoga telefon qilib, kutilmagan taklif berdi:

– Dzola necha pul turadi? Men uni qayta sotib olmoqchiman.

– Axir biz uni endi oldik. Afsus, Dzola sotilmaydi.

– Yaxshi, unda boshqa savol. “Kalyari” necha pul turadi?

Tabiiyki, Chellino bu taklifga ham rad javobini berdi.

“Past bo‘yli” Levandovski

2010 yil fevral. “Atalanta” va “Kevo” o‘rtasidagi o‘yin paytida, tribunada agent Serjo Berti va “Jyenoa” sport direktori Stefano Kapodzukka birga o‘tirib qolishdi:

– Men senga “Lex” hujumchisini taklif qilmoqchiman. U juda kuchli o‘yinchi.

– Ismi nima?”

– Leva.. nimaydi.. oxirida ..ski

Biroz o‘tib butun “Jyenoa”ga Robert yoqib qoldi. Skautlar tez-tez “Lex” o‘yinlariga borib turishar, prezidentning o‘g‘li Pretsozi Levandovskining muxlisiga aylanib qoldi.

Aprelda Levandovski “Jyenoa”ga keldi va “Sampdoriya” bilan derbiga tayyorlanayotgan mehmonxonaga joylashib, hatto tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Faqat shartnomani imzolash qolgandi. Robert, Berti va hujumchining agenti Tsezariy Kuxarskiy zalda o‘tirib, Pretsiozi va Gasperining alohida gaplashib olishlarini kutib o‘tirishardi. Ikki soat o‘tdi. Pretsiozi pastga tushib, o‘tirganlarga e'tibor bermay, ko‘cha tarafga yura boshladi. Berti prezidentning orqasidan yugurib bordi. Prezident faqat bir so‘z aytdi: “Men uni novcharoq deb o‘ylagandim”.

Levandovski agenti bilan derbini tomosha qilib, Polshaga qaytishdi va “Jyenoa”dan qo‘ng‘iroqni kuta boshladi. Ammo negadir noma'lum sabab bilan genuyaliklar fikrlaridan qaytishdi, Berti uzr so‘rab, transfer summasining yuqori ekanini bahona qildi.

“Messini to‘xtatgan Mourino”

2014 yil yanvar. Ispaniya budjetiga 53 million yevro soliq to‘lagan Messi jiddiy ravishda klubni almashtirish haqida o‘ylay boshlagandi. Messi “Chelsi”ni tanladi, chunki u Londonda yashash va Joze Mourino bilan birga ishlashni istayotgandi. O‘rtada Deku turgandi: “Barselona” va “Chelsi”ning sobiq futbolchisi. Mourino va Messi «Facetime»'da aloqaga chiqishdi:

– Salom, Leo, men Jozeman. Ishlar qalay, fenomen? Bilishimcha, sen “Chelsi”da o‘ynamoqchisan. Bilasanmi, sen tasavvur qila olmaysan, senga qarshi o‘ynash uchun kechalari bilan uxlolmay, yo‘l qidirardim. Zonal qo‘riqlasak, gol urasan, personal qo‘riqlasak, bir necha futbolchini aldab o‘tib ketasan. Sen eng zo‘r futbolchisan. Senga shuni aytmoqchiman – sen o‘sha yerda qolishing kerak.

Aytishlaricha, Messining yuzi shu payt o‘zgargan, Mourino esa, fikrida davom etgan: “Ketma, “Barselona”da qol. Ular senga haykal qo‘yishlari kerak. Sen o‘sha yerda bo‘lishing shart. Ammo... Qachondir, ertalab turasan va tushunasanki, hammasi o‘zgacha, qahvaning ta'mi yoqmaydi, osmonning rangi boshqacha, atrofingdagilar, mashinang yoqmay qoladi. Ana o‘shanda sen ketish haqida o‘ylashing, yangi, baxtli hayotga eshiklarni ochishing kerak. Va o‘shanda ham, eshik ortida meni ko‘rasan!”

“Chelsi” Messining 250 million yevrolik tovon pulini to‘lashga tayyor bo‘ldi. Xabarlar avj oldi. Sesk Fabregas Mourinoga Messi “Chelsi”ga o‘tmoqchi ekanini aytdi. Joze u bilan gaplashib bo‘lganini oshkor qildi. Sesk Dekuga chiqdi va barchasi Messining otasigacha yetib bordi. Xorxe Messi o‘g‘lining Barselonadan ketishini istamasdi. Darhol telefon qilib, o‘g‘lidan so‘radi. Messi dovdirab, bu haqida hech narsa bilmasligini aytib, qasam ichdi. Shu bilan hammasi tugadi.

“Muzokaralar qiroli”

Fabio Paratichi Karlos Bakkaning “Milan”dan “Vest Hem”ga o‘tishini uyushtirayotgan Juzeppe Rizo bilan qahva ichib o‘tirardi. “Zazani nima qilmoqchisan? Kel, uni “Milan”ga, Bakkaning o‘rniga o‘tkazamiz? Ertaga Bakka Angliyaga o‘tyapti”, – dedi Rizo.

Agent bilan xayrlashgach, Paratichi Bakkaning vakili Serjo Barilega telefon qildi:

– Qayerdasan?

– Madridda.

– Men boryapman. Hech kimga hech narsa dema. Bakka “Yuventus”ga kerak. Uni asosiy tarkibda o‘ynatamiz. Zaza ketadi.

Paratichi Madridga borib, Barile bilan uchrashdi:

– Bakka qancha pul topadi? To‘rt millionmi? Biz besh million beramiz.

– Ammo biz “Vest Hem”ga so‘z berib qo‘ydik.

– Qo‘ysangchi, “Yuve” turganda u “Vest Hem”ga o‘tarmidi?

Bakkaga qo‘ng‘iroq qilishganda, barcha shubhalar tarqadi. Kolumbiyalik hujumchi “Yuventus”ga o‘tishni istadi.

Paratichi Madriddan Londonga uchib bordi. U yerda Simone Zazani “Vest Hem”ga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Baribir Bakkani qo‘lga kirita olmasliklariga ishontirgach, londonliklarda ko‘nishdan boshqa chora qolmagandi. “Vest Hem” Zazani sotib oldi. Ammo Bakka “Milan”da qoldi. Paratichi kelishuv qoniqtirmaganini aytib, uzr so‘rab qoldi. Shu tariqa, Paratichi “Yuventus” uchun kerak bo‘lmagan futbolchini yaxshi pulga sotishning uddasidan chiqqandi.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid