Jamiyat | 13:04 / 03.11.2020
17802
2 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolati sudlardan profilaktika inspektorlariga o‘tkazilishi mumkin

Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati sudlardan ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromov aytib o‘tgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, IIV tashabbusi bilan Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun kiritilgan.

Mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi bilan ayrim toifadagi huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish jarayonida huquqbuzar sodir etgan qoidabuzarligiga iqror bo‘lib, belgilangan jarimani sudgacha bo‘lgan muddatda to‘lash istagini bildirsa yoki jabrlanuvchining huquqbuzarlik sub'yektiga nisbatan da'vo arizalari yo‘qligi ma'lum bo‘lsa, ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma'muriy sudlardan ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari vakolatiga o‘tkazilishi mumkin.

Bunday vakolatlarning ma'muriy sudlardan ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga o‘tkazilishiga asos sifatida vazirlik vakillari tomonidan hududlardagi ma'muriy sudlarning aholi yashash punktlariga uzoqligi hamda ayrim ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari tomonidan tuzilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomalar o‘z vaqtida sudlar tomonidan ko‘rib chiqilmayotgani keltirib o‘tilgan.

Shuningdek, muhokamalar jarayonida Azizbek Ikromov ma'muriy huquqbuzarliklarga misol sifatida respublika bo‘yicha 2019 yilda 401ta, 2020 yilning 9 oyi davomida 505ta holatda yovvoyi nasha o‘z vaqtida yo‘q qilinmaganligi holatlari qayd etilganini aytib o‘tgan.

Mavzuga oid