«Telbalikni kuzatishda davom etamiz» - AQSh saylovlari jahon matbuoti nigohida
Bir necha kundan buyon AQSh prezidentligiga saylov nafaqat okeanortida, balki butun dunyo miqyosida jamoatchilik diqqat markazidagi asosiy mavzulardan bo‘lib turibdi.
BBC monitoring xizmati shiddatli tusda o‘tayotgan saylov tafsilotlari turli mamlakatlarning ommaviy axborot vositalarida qanday yoritilayotganiga e'tibor qaratdi.
Xitoy
Xitoy va AQSh aloqalari so‘nggi yillarda, ayniqsa, Donald Tramp prezidentligi mobaynida eng keskin davrni boshdan kechirdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo urushi jahon iqtisodiyotiga ta'sir qilmay qolmadi. Xitoy davlat matbuoti AQShdagi saylovlarni «bo‘luvchi, keskinligi yuksak va xaotik» deya ta'riflamoqda.
«Agar saylov natijalari aniq bo‘lmasa, xaos yuzaga kelishi mumkin. Bu esa ijtimoiy tartibsizlikka sabab bo‘ladi», deyiladi mamlakatning rasmiy axborot agentligi – Sinxua seshanba kuni tarqatgan xabarda. Global Times gazetasi esa asosiy sahifasida «Keskinlik va tartibsizlik AQShdagi saylovlarga ta'sir o‘tkazmoqda», deb yozdi.
Lotin Amerikasi
Lotin Amerikasi ommaviy axborot vositalari Trampning lotin amerikalik saylovchilar yashovchi Florida shtatidagi muvaffaqiyatiga e'tibor qaratdi. «Trampning Floridadagi zafari Demokratik partiyaning g‘alaba qozonish ehtimolini ko‘mib tashladi. Venesuelalik, kubalik lotinlar va yevangelistlar amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlashdi», deya qayd etdi Braziliyaning kundalik gazetalaridan biri Folha de Sao Paulo.
Lotin Amerikasi sharhlovchilarining aytishicha, Trampning Baydenni sotsializm bilan bog‘lashi Kuba va Venesueladan surgun qilinganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Yevropa
«AQShdagi telbalikni kuzatishda davom etamiz», dedi Rossiya davlat televideniyesi «Rossiya 24»da bir jurnalist. Rus jurnalistlari, shuningdek, Rossiyaning 2016 yilgi saylovlarga aralashgani haqidagi da'volar bilan bog‘liq hazillar ham qilishdi. «Bizni tinglayotgan ba'zi do‘stlarimiz bular allaqachon Trampni g‘olib deb e'lon qilishdi, deb o‘ylashayotgandir», dedi. Ikkinchisi esa unga javoban «Bu shunchaki oddiy matematikadan boshqa narsa emas», dedi.
Yevropaning boshqa mamlakatlari esa ikki nomzodning bir-biriga juda yaqin natija qayd etishi va buning ortidan tartibsizliklar kelib chiqishi ehtimoliga e'tibor qaratdi.
«Jo Bayden aniq g‘alaba qozonadi, deb o‘ylaydigan ko‘plab odamlar ham vaqt o‘tishi bilan so‘ray boshlashdi: Tramp haliyam yutishi mumkinmi?» deb yozdi Germaniyaning Bild gazetasi.
Fransiyaning Inter axborot agentligi esa «Poyga kutilganidan-da ayovsiz kurashlar bilan kechmoqda, demokratik to‘lqin haqida esa gap bo‘lishi mumkin emas», deb ta'kidladi.
Yaqin Sharq
Yangilik kanallari asosan saylov natijalari noaniq ekanini ta'kidlashmoqda.
Misr gazetalari «tarixiy natija»ga erishilgani, Eron OAVlari esa jamiyatda tartibsizlik yuzaga kelishi mumkinligini ta'kidlamoqda. Press TV «fuqarolar urushi xavfi» mavjudligini va saylovlar «juda qo‘rqinchli» tus olganini iddao qilgan.
Mavzuga oid
16:42
Kreml Putin va Tramp telefonda suhbatlashganini rad qildi
14:42
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024