Iqtisodiyot | 17:34 / 17.11.2020
3193
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi London fond birjasiga suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini London fond birjasida joylashtirilishi haqida e'lon qildi.

Suveren xalqaro obligatsiyalarning joylashtirilishini samarali tashkil etish maqsadida xalqaro investitsion banklar va yuridik firmalarga o‘z takliflari bo‘yicha so‘rovnomalar (request of proposals) yuborilgan va raqobatli tanlov asosida quyidagi bank-anderrayterlar, qo‘shma bukrannerlar va yuridik konsultantlar tanlab olingan:

bank-anderrayterlar – Siti(AQSh), J.P. Morgan Shase (AQSh), Societe Generale (Fransiya), VTB Capital (Rossiya) va «Gazprombank» (Rossiya);

yuridik konsultant – White & Case LLP (Buyuk Britaniya).

Shu bilan birga, Moliya vazirligi tomonidan navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarni muomalaga chiqarish bo‘yicha barcha zaruriy chora-tadbirlar, jumladan emissiya prospekti va boshqa yuridik hujjatlar tayyorlangan.

Kun davomida «roud-shou» (Road-show) tadbiri doirasida xalqaro investorlar uchun telekonferensiya (Global Investor Call) o‘tkazish rejalashtirilgan va unda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya va Shveytsariya kabi mamlakatlardan xalqaro investorlar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, 17-18 noyabr kunlari xalqaro investorlar bilan «yakkama-yakka» (one-on-one) formatida telekonferensiyalar bo‘lib o‘tadi.

Telekonferensiya davomida xalqaro investorlarga O‘zbekistonning joriy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, pandemiya sharoitida barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan tizimli va institutsional islohotlar, davlat korxonalari va bank sektorini isloh qilish va xususiylashtirish istiqbollari bo‘yicha taqdimot qilinmoqda.

Joriy yilning 19 noyabr kuni jahon moliya bozoridagi vaziyatni inobatga olgan holda suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha qaror qilinadi.

Qo‘shimcha ma'lumot tranzaksiya jarayonida taqdim etib boriladi.

Mavzuga oid