O‘zbekiston | 13:34 / 19.11.2020
6766
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston shaharlari bolalar huquqlarini himoyalash bo‘yicha butunjahon aksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi

20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni munosabati bilan, O‘zbekiston shaharlaridagi tarixiy va zamonaviy obektlar ko‘k rangda yoritiladi. Bundan maqsad – jamoatchilik e'tiborini bola huquqlari masalasiga qaratish.

20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni. Ushbu sana 1954 yilda BMT tomonidan e'lon qilingan va yosh avlodning farovon hayotini ta'minlash uchun dunyo hamjamiyati e'tiborini jalb qilishga qaratilgan.

Xalqaro miqyosda bir qator muhim hujjatlar, jumladan, yosh avlodning hayotga, sog‘liqqa, ta'limga, dam olishga va bo‘sh vaqtga bo‘lgan huquqlarini, ota-onalarga g‘amxo‘rlik qilishni, zo‘ravonlik va kamsitishdan himoya qilishni, fikrlarni ifoda etishni nazarda tutadigan Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiya, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilingan.

An'anaga ko‘ra, 20 noyabr kuni ko‘plab mamlakatlarda mavzuga doir tadbirlar o‘tkaziladi, unda ishtirokchilar nafaqat sohadagi yutuqlarni, balki kelajakda hal etilishi lozim bo‘lgan keskin muammolarni ham qayd etadilar.

Har yili butun dunyoda «Dunyoni ko‘k rangga bo‘yash» aksiyasi o‘tkazilmoqda, uning maqsadi jamoatchilik e'tiborini bolalar huquqlarini ta'minlashning dolzarb masalalariga jalb qilishdir. Mamlakatlar umumiy g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, diqqatga sazovor, markaziy joylarni yoritishni tashkil qilishadi.

Ushbu aksiyaga O‘zbekiston ham qo‘shiladi.

19 va 20 noyabr kunlari soat 18:00dan boshlab 06:00gacha «Xalqlar do‘stligi» va «Turkiston» saroylari, «Poytaxt» biznes markazi, simpoziumlar saroyi, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri, O‘zbekiston tarixi muzeyi, Milliy stadion, Hamid Olimjon maydonidagi 16 qavatli uylar, aeroport, shuningdek boshqa madaniy diqqatga sazovor joylar, mehmonxonalar, sport tashkilotlari ko‘k rangda tovlanadi.

Samarqand, Buxoro va Xivaning tarixiy va zamonaviy majmualari ham ko‘k rang — birdamlik va hamjihatlik rangiga kirib, xalqaro aksiyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Toshkent shahrida Jahon bolalar kuniga bag‘ishlab ko‘k rangda yoritiladigan binolar quyidagilar:

Alisher Navoiy ko‘chasida:

Turkiston san'at saroyi
Poytaxt biznes markazi
Simpoziumlar saroyi
Shedevr savdo markazi
Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi
Wyndham (Dedeman) mehmonxonasi
UMS
Markaziy pochta
Ipoteka Bank

Mustaqillik shoh ko‘chasida:

Hamid Olimjon xiyobonidagi 16 qavatli uylar
Hokimlik yonidagi bog‘ daraxtlari
Inha universiteti va markaziy laboratoriya

Amir Temur xiyobonida:

PSB Bank
Forumlar saroyi
Xiyobondagi daraxtlar
Amir Temur muzeyi
Toshkent kurantlari
Yuridik universiteti
Aloqabank binosi

Boshqa ko‘chalarda:

Badiiy akademiya qo‘rgazmalar zali
Tarix muzeyi
Alisher Navoiy nomidagi teatr
Milliy («Bunyodkor») stadioni
Xalqlar do‘stligi saroyi va bayroq
Milliy olimpiya qo‘mitasi
Paralimpiya qo‘mitasi
Boks federatsiyasi
Taekvondo federatsiyasi
Hilton Tashkent City mehmonxonasi
«Navro‘z» istirohat bog‘idagi aylanma charxpalak
«Ashxobod» istirohat bog‘idagi aylanma charxpalak
Toshkent aeroporti

Videoanimatsiya uchun joylar:

O‘zbekiston mehmonxonasi
Humo Arena
Grand Mir mehmonxonasi yonidagi aylanma chorraha ekrani
Sebzor chorrahasi, 9 qavatli bino tomidagi ekran
Xalqlar do‘stligi chorrahasidagi katta ekran
Oloy bozori yonidagi katta ekran

Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida mashhur tarixiy va zamonaviy binolar yoritiladi.

Mavzuga oid