Jahon | 16:45 / 22.11.2020
17695
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh saylovlari: Jorjiya ortidan Michigan ham Trampga «yo‘q» demoqda

Donald Trampning prezidentlik saylovlari natijalari bo‘yicha bahslashish uchun navbatdagi urinishi ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bu safar Michigandagi qonunchilik palatasi yetakchilari Jo Baydenning g‘alabasi tasdiqlangach, buni shubha ostiga olmasliklarini ma'lum qilishdi.

Foto: Reuters

Shtat qonunchilik majlisining respublikachilar partiyasidan bo‘lgan ikki a'zosi - Michigan Senatidagi respublikachilar yetakchisi Mayk Sherki va shtat Vakillar palatasi spikeri Li Chetfild Tramp bilan Oq uyda uchrashuvdan keyin ovozlarni qayta hisoblash jarayonida «odatiy tartibga rioya qilinishi»ni va'da berishgan.

Shu kunlarda Jorjiya shtatida ovozlar qayta hisoblab chiqilganidan keyin Baydenning kichik farq bilan g‘alaba qozongani tasdiqlandi. Jorjiya shtati davlat kotibi, Trampning ashaddiy tarafdori bo‘lgan Bred Raffensperger amaldagi prezident Jorjiyada yutqazganini tasdiqladi. «Raqamlar aldamaydi. Men bugun taqdim etilgan ma'lumotlarni haqiqiy deb hisoblayman», degan u. Shtat rasmiylariga ko‘ra, Bayden ushbu shtatda Trampni 12 ming ovozga ortda qoldirgan.

Agar Tramp shtabi bu natijalar bo‘yicha e'tiroz bildira olmasa, unda bu shtatda demokratlar nomzodi 1992 yildan beri birinchi marta respublikachi nomzodni ortda qoldiradi.

30 noyabrda o‘tgan prezident saylovlaridan keyingi ilk kunlarda Jorjiyada Tramp yetakchilik qilayotgandi. Biroq byulletenlar qayta ishlanishi davomida Bayden 6 noyabr kuni oldinga chiqib olgan. Shtat saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Bayden Trampni 0,3 foizga ortda qoldirgan va shu sababli ovozlar qayta hisoblab chiqilgan.

Jo Bayden 2021 yilning 20 yanvarida AQShning 46-saylangan prezidenti sifatida ishga kirishishi kutilmoqda.

Baydenning g‘alabasi 14 dekabr kuni saylovchilar hay'ati tomonidan rasman e'lon qilinadi – hozirgi holatga ko‘ra Bayden 306 delegat ovoziga ega, Trampda 232 delegat ovozi bor – g‘oliblik uchun 270 ovoz yetarli hisoblanadi.

Baydenga ovoz bergan amerikaliklar soni Trampga ovoz berganlar sonidan 5,9 millionga ko‘p.

Shunday bo‘lsa-da, juma kuni amaldagi prezident yana bir marta o‘zi g‘alaba qozongani haqida gapirdi. «Darvoqe, men g‘alaba qildim», dedi u. U saylovlar kunidan keyin bir necha marta saylovlar vaqtida keng ko‘lamli qoidabuzarliklar ro‘y berganini aytdi, ammo biror marta ham o‘zining bunday ayblovlariga dalil keltirmadi.

Uning matbuot kotibi Keyli Makineni OAV va demokratlarni ikkiyuzlamachilikda ayblagan.

«2016 yilda prezident Tramp qonunan prezident bo‘lib saylanganida, ko‘plar uni qoralashga, obro‘sizlantirishga urinishgan va uning g‘alabasini tan olishmagandi. Hech qanaqa birlikka va tinchlikka chorlovlar bo‘lmagan», degan u.

Trampning keyingi qadamlari qanday bo‘lishi mumkin?
Amerika nashrlari yozishicha, qator sudlardagi mag‘lubiyatlardan keyin Tramp jamoasi respublikachilar ustunlik qiluvchi shtatlarda qonunchilik majlislarini ovozlarni hisoblashning yakuniy natijalarini inkor qilib, Trampni g‘olib sifatida e'lon qilishga ko‘ndirishga umid qilishmoqda.

Tramp Bayden g‘olib bo‘lgan yana bir shtat bo‘lmish Pensilvaniyadagi qonunchilarni ham Oq uyga chaqirmoqchi. Bu haqda uning saylovoldi kampaniyasi mulozimlaridan biri CBS News uchun bergan intervyusida ma'lum qilgan. Ammo Tramp hali bunday uchrashuv sanasini belgilamagan, AQSh O‘rta G‘arbi mintaqasidagi shtatlar, shu jumladan Michigan ham dushanba kuni yakuniy natijalarni tasdiqlashi kerak.

Ekspertlar prezident jamoasida Michigan va Pensilvaniyadagi natijalarni o‘zgartirish imkoniyatini deyarli yo‘qligini aytishmoqda.

Hatto ular buni uddalashgan taqdirda ham Tramp Baydendan o‘zib ketish uchun yana bir shtatdagi natijalarni o‘zgartirishga erishishi talab etiladi.

Juma kuni Oq uydagi uchrashuvdan keyin Sherki va Chetfild suhbatda saylov natijalari bo‘yicha bahslashishga urinish emas, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash masalasi asosiy mavzu bo‘lganini ta'kidlashdi hamda uning saylov natijalarini o‘zgartirish imkoniyati juda past ekanini tasdiqlashdi.

Avvalroq Oq uy ham bu yordam olishga urinish emas, prezidentning qonunchilik palatasi vakillari bilan odatiy uchrashuvi bo‘lganini ma'lum qilgan, shu bilan birga, Trampda saylovlardan keyin shunday maqsaddagi bir necha uchrashuv bo‘lgani tan olingandi.

Uchrashuvdan keyin Sherki va Chetfild qo‘shma bayonot berishgan: «Bizga shu vaqtgacha Michigandagi saylov natijalarini o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan ma'lumot kelib tushmadi, qonunchilik palatasi yetakchilari sifatida biz Michigan saylovchilari bilan munosabat qonuniy va odatiy tartib-qoidalarga muvofiq tarzda olib borilishini kuzatib boramiz».

Demokratlar Trampni o‘z vakolatini suiiste'mol qilishda ayblab, u qonunchilarga bosim o‘tkazishga urinayotganini aytishmoqda.

Jo Bayden nima bilan mashg‘ul?

Saylangan prezident hokimiyatni o‘tkazish jarayonida oldinga siljishlar bo‘lishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqda va o‘tgan hafta davomida o‘z ma'muriyati uchun yana bir qancha tayinlovlarni amalga oshirdi hamda milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlar bilan uchrashdi.

Juma kuni Bayden qonunchilik palatasidagi ikki nufuzli shaxs: Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi hamda Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer bilan uchrashib, ular bilan pandemiyadan nisbatan ko‘p jabrlangan oilalar va kichik xususiy biznes egalariga yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Qo‘shma bayonotda aytilishicha, tomonlar Kongress ikki partiya tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadigan shoshilinch yordam paketini qabul qilishiga kelishib olgan.

Shuningdek, Bayden lavozimga kirishganidan keyingi 100 kun uchun kun tartibini muhokama qilgan.

Twitter Tramp natijalarni tan olmasa ham Baydenga AQSh prezidentining akkauntlarini beradi
Twitter ijtimoiy tarmog‘i ma'muriyati amaldagi prezident Donald Trampning fikridan qat'i nazar, AQSh prezidentining @POTUS rasmiy akkauntini inauguratsiya kuni Jo Baydenga o‘tkazmoqchi. Bu haqda kompaniya vakili Politico uchun bergan intervyusida ma'lum qilgan.

«Twitter 2021 yil 20 yanvarda Oq uyning institutsional akkauntlarini o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga faol tayyorlanmoqda», dedi ijtimoiy tarmoq vakili.

@VP (vitse-prezident), @FLOTUS (AQShning birinchi xonimi), @whitehouse (Oq uy) kabi boshqa hukumat akkauntlari ham Bayden ma'muriyatiga o‘tkaziladi.

Tramp ma'muriyatining mavjud xabarlari AQSh Milliy arxivlar va yozuvlar ma'muriyati tomonidan arxivlanadi.

Mavzuga oid