Jahon | 23:58 / 23.11.2020
6493
4 daqiqa o‘qiladi

Oksford lug‘ati birvarakayiga 16ta so‘zni “yil so‘zi” deb topdi  

Yil so‘zini tanlovchi Oksford lug‘ati yakunlanib borayotgan 2020 yil uchun xos bo‘lgan yagona bir so‘zni tanlay olmadi. Lug‘at joriy yilda sayyoramiz aholisi hayotiga jiddiy ta'sir ko‘rsatgan ko‘plab hodisalar yuz bergani tufayli birvarakay 16ta so‘zni “yil so‘zi” deb e'lon qildi. 

Foto: Caleb Jones/Associated Press

Lug‘at muharrirlarining ta'kidlashicha, 2020 yil “bir so‘z bilan ta'riflab bo‘lmaydigan yil ekani boshidanoq ayon bo‘lgandi”.

Lug‘at yil so‘zi haqidagi an'anaviy ma'ruza o‘rniga yilning o‘tgan har bir oyi uchun xos bo‘lgan 16ta so‘zdan iborat “2020. Misli ko‘rilmagan yil so‘zlari” deb nomlangan ma'ruzani e'lon qildi. Lug‘at mutaxassislari har bir oy uchun qo‘llanishi maksimal darajaga yetgan bittadan uchtagacha so‘zni tanlashgan. 

2020 yil uchun tanlangan so‘zlardan aksariyati pandemiya bilan bog‘langan bo‘lib, ular “koronavirus”, “COVID-19”, “lokdaun”, “ijtimoiy masofalashuv”, “qayta ochilish” (reopening, lokdaundan keyin restoranlar, do‘konlarning ochilishi nazarda tutilgan), Moonshot (Britaniyada kiritilmoqchi bo‘lgan ommaviy testlash dasturi) va “super-tarqatuvchi” (virusni ko‘plab odamlarga yuqtiruvchi shaxslar) so‘zlaridir.   

Shuningdek, “yil so‘zlari” orasida siyosat bilan bog‘langan so‘zlar ham talaygina. Misol uchun, AQSh prezidenti Donald Tramp impichmenti ishi ko‘rilgan yanvar oyi uchun “impichment”, Tramp ushbu ish bo‘yicha oqlangan fevral oyi uchun “oqlash” so‘zlari tanlangan. Shuningdek, Black Lives Matter (Qora tanlilar hayoti muhim), “bekor qilish madaniyati” (cancel culture, so‘zlari yoki harakatlari nomaqbul deb topilgan taniqli shaxslarni tanqid qilish, boykotlash va qo‘llab-quvvatlamaslik), BIPOC (Black, Indigenous and People of Color, qora tanlilar, tub aholi vakillari va boshqa oq tanli bo‘lmaganlarni bildiruvchi qisqartma so‘z), “pochta orqali”( mail-in, joriy yilda AQShdagi prezident saylovlari vaqtida ommalashgan ibora), “belaruscha” (Belarusdagi prezident saylovlaridan keyin boshlangan namoyishlar bilan bog‘langan) so‘z va iboralar ham “yil so‘zlari” sifatida e'tirof etilgan. 

Bundan tashqari, lug‘at mutaxassislari joriy yil boshida Avstraliyada yuz bergan o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘langan “o‘rmon yong‘ini” (bushfire) va Xitoyning atrof-muhitga is gazlarini chiqarishni to‘xtatishga va 2060 yilgacha ularning miqdorini nol darajaga yetkazishga bergan va'dasi bilan bog‘langan “nol chiqindi” (net zero) iborasini “yil so‘zlari” sifatida tanlab olishgan.      

Lug‘at hozircha noyabr va dekabr oylariga xos bo‘lgan so‘zlarni tanlamadi.

Quyida har bir oyda ahamiyat kasb etgan so‘zlar keltirilgan: 

Yanvar – Bushfire (o‘rmon yong‘ini), Impeachment (impichment)  
Fevral – Acquittal (oqlash)
Mart – Coronavirus (koronavirus)
Aprel – COVID-19, Lockdown (lokdaun), Social Distancing (ijtimoiy masofalashuv)
May – Reopening (qayta ochilish) 
Iyun – Black Lives Matter
Iyul – Cancel culture (bekor qilish madaniyati), BIPOC 
Avgust – Mail-in (pochta orqali), Belarusian (belaruscha)
Sentyabr – Moonshot
Oktyabr – Superspreader (super-tarqatuvchi), Net zero (nol chiqindi) 

Avvalroq Collins lug‘ati yil so‘zi sifatida “lokdaun” so‘zini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid