Jamiyat | 17:41 / 27.11.2020
22854
4 daqiqa o‘qiladi

Suv quvurlari muzlamasligi uchun nima qilish kerak?

Havo harorati keskin sovib ketishi oqibatida quvurlarda suv muzlab qolishi mumkin. Buning oldini olish uchun esa suvni muntazam ochib qo‘yish shart emas.

Agar xonadoningizdagi quvurlarda suv muzlab qolgan bo‘lsa, uni eritish uchun mutaxassislar xizmatidan foydalanish yoki uy sharoitida uni o‘zingiz bartaraf etishingiz mumkin. «O‘zsuvta'minot» AJ bu borada qanday yo‘l tutish kerakligi haqida ma'lumot berdi.

Suv quvurlari nima uchun muzlaydi?

Suv quvurlarining muzlashiga quyidagi sabablar ta'sir o‘tkazishi mumkin:

  • agar quvur belgilangan chuqurlik (hududlarga qarab 70 smdan 1 metrgacha)da ko‘milmagan bo‘lsa;
  • quvurlar issiqlik izolyatsiyasi qilinmagan bo‘lsa yoki issiqlik izolyatsiyasining zichligi buzilsa.

Ko‘pincha sovuq havo quvurlarning metall va plastmassa elementlariga, bo‘g‘imlariga, shuningdek, quvurlarning yuza qismiga ta'sir o‘tkazadi.

Bunday tabiiy hodisa ko‘lamini oddiy ko‘z bilan ko‘rish yoki maxsus jihozlarsiz aniqlash mumkin:

  • quvurni ohista taqillating – muz bor joyda tovush jaranglab chiqmaydi;
  • ko‘pincha suv quvurlar bir-biriga ulangan joylarda muzlaydi, shuning uchun avvalo shunday tarmoqlarni aniqlab oling va muz mavjudligini tekshiring;
  • quvur yer yuzasida bo‘lgan joylarda kuchli yelvizak bor-yo‘qligini tekshiring. Sovuq shamol bir necha soat ichida sust oqimni muzlatib qo‘yishi mumkin.

Muzlagan quvurlarni uy sharoitida eritish uchun tavsiyalar

Iliq suvdan foydalaning. Ushbu usul suvning turg‘unlik zonasi aniq belgilangan va u kichik bo‘lgan hollarda tanlanadi. Quvurning ochiq muzlagan joyini latta yoki biror mato bilan o‘rab, ustiga issiq suv quying va suv haroratini sekin-asta oshirib boring. Kranni oching – bu muzning erishini tezlashtiradi. Namlangan lattalar esa issiqlikni bir muddat ushlab turadi, plastmassa yoki metall quvurlar ichidagi muzni eritishga imkon beradi.

Fendan foydalaning. Iliq havo oqimini yaratadigan har qanday qurilmadan foydalanish mumkin. Ushbu usul quvurlarda muzlagan kichik maydonlarni isitish uchun xizmat qiladi.

Ammo ushbu usul plastik qoplama haddan tashqari qizib ketishi va erishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois fendan foydalanganda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qiling.

Agar chanoq (rakovina) yoki unitaz yaqinidagi quvur muzlagan bo‘lsa, unga qaynatilgan tuz qorishmasini (10 litr suv uchun 1 kg tuz) quying.

Unutmang, ushbu usullar quvurlarda suv muzlab qolishining yengil darajasiga mo‘ljallangan. Talafotli holatlarda faqat mutaxassis xizmatidan foydalanish lozim. Buning uchun «O‘zsuvta'minot» AJning hududiy suv ta'minoti korxonalari dispetcherlik xizmatiga murojaat qilish mumkin.

  • «Andijon suv ta'minoti» MChJ – 74 223-04-05
  • «Buxoro suv ta'minoti» MChJ – 65 221-17-27, 65 228-04-62
  • «Farg‘ona suv ta'minoti» MChJ – 73 241-65-20
  • «Jizzax suv ta'minoti» MChJ – 72 226-03-25
  • «Namangan suv ta'minoti» MChJ – 69 227-93-60
  • «Navoiy suv ta'minoti» MChJ – 79 223-61-41
  • «Qashqadaryo suv ta'minoti» MCHJ – 75 224-07-30
  • «Qoraqalpoq suv ta'minoti» MChJ – 61 226-51-67
  • «Samarqand suv ta'minoti» MChJ – 66 233-18-21
  • «Sirdaryo suv ta'minoti» MChJ – 67 227-83-07
  • «Surxondaryo suv ta'minoti» MChJ – 97 696-55-77
  • «Toshkent suv ta'minoti» MChJ – 71 202-14-15, 70 956-16-78
  • «Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ – 1054
  • «Xorazm suv ta'minoti» MChJ – 62 224-75-35, 62 224-75-33
  • «Musaffo obi hayot» MChJ – 78 129-03-33, 95 194-38-60

Mavzuga oid