O‘zbekiston | 16:24 / 28.11.2020
28478
2 daqiqa o‘qiladi

MIB xodimlari soni qisqartirilmoqda. MIBni rivojlantirish jamg‘armasi direksiyasi tugatildi

Prezidentning sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.

Farmonning 10-bandiga muvofiq, Majburiy ijro byurosi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 3542 nafar, shu jumladan markaziy apparatda 82 nafar etib belgilandi.

Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasining Ijro etuvchi direksiyasi tugatilib, Jamg‘arma mablag‘larining to‘planishi va sarflanishini tezkor boshqarish vazifasi byuroga yuklatildi.

Moliya vazirligi jamg‘arma hisobidan 2020 yil 1 noyabrga qadar moliyalashtirilish lozim bo‘lgan byuro, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar (yuzaga kelgan qarzdorliklar bilan birga) joriy yilning III choragi yakuni bo‘yicha Davlat budjeti daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan qoplab berilishini ta'minlashi belgilangan.

Shuningdek, Farmonda byuro xodimlari mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar qaysi manbadan qoplanishi aytib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, 2020 yil 1 noyabrdan boshlab:

Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlariga jamg‘arma hisobidan har oyda to‘lanadigan 100 foizlik ustama to‘lash to‘xtatilishi belgilangan.

Byuro xodimlari mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar (jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladigan qismini chegirib tashlagan holda) hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid