O‘zbekiston | 17:21 / 08.12.2020
33679
2 daqiqa o‘qiladi

30 kishilik to‘y: yoshlar bu haqda qanday fikrda?

Mamlakat bo‘ylab 14 ming yoshlarning 70 foizi to‘ylarni ixchamlashtirishni qonuniy belgilab qo‘yishni ma'qullagan.

U-Report loyihasi yoshlarning to‘ylarni 30 kishi ishtirokida o‘tkazishga munosabatini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovnomada ishtirok etgan 14 ming respondentning 63 foizi ixcham to‘ylar o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagan, 18 foizi esa ma'qullamasligini bildirgan.

Hamashatli to‘y o‘tkazishga nima sabab bo‘lishi haqidagi savolga ishtirokchilarning 54 foizi «odamlarning fikri», 20 foizi esa «yoshlar va ularning ota-onalari qiladigan orzu-havas», deb vaj keltirgan.

Shuningdek, respondentlarning 47 foizi ixcham to‘yda iqtisod qilinadigan pulni mulk xaridiga, 17 foizi ota-onasining hordiq chiqarishi uchun, 12 foizi to‘ydan keyingi sayohatga sarflashini bildirgan.

To‘y-ma'rakalarni ixcham o‘tkazish tartibi qonuniylashtirilishini istaysizmi, degan savolga 70 foiz qatnashchi «ha» deb javob bergan.

So‘rovnoma xulosasiga ko‘ra, ixcham to‘ylarni o‘tkazish eng ko‘p Farg‘ona vodiysida ommalashgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng kam tarqalgan.

Ma'lumot uchun, U-Report loyihasi yoshlar orasida ularning hayotiga taalluqli so‘rovnomalar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. So‘rovnomalarning natijalari parlamentga qarorlar qabul qilishda foydalanish uchun taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda karantin davrida to‘y-marosimlarni o‘tkazish taqiqlangan, karantin yumshatilgach, ularni eng ko‘pi bilan 30 kishi ishtirokida o‘tkazishga ruxsat berilgan edi.

Avgust oyida «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida to‘y marosimlarini 30 kishilik tartibda o‘tkazilishini doimiy saqlab qolish haqida petitsiya joylashtirilgan.

Mavzuga oid