O‘zbekiston | 10:23 / 08.12.2020
4623
2 daqiqa o‘qiladi

Geologlar uchun faxriy unvon ta'sis etildi

«O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog» faxriy unvonini ta'sis etish to‘g‘risida»gi qonuni e'lon qilindi. 

Foto: Getty Images

Norma’ning yozishicha, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog» faxriy unvoni quyidagilarga beriladi:

geologiya, geofizika, gidrogeologiya, topografiya-geodeziya tarmog‘ining yuqori malakali geologlari va muhandis-texnik xodimlariga;

ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalarining tajribali mutaxassislariga.
 
Yerosti boyliklari geologiyasi va qidiruvi sohasini rivojlantirish, geologiya-qidiruvga oid ishlab chiqarishni kengaytirish, mineral-xomashyo bazasini yaratish va mustahkamlash, foydali qazilma konlarini ochish va sanoat yo‘sinida o‘zlashtirishga topshirish, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishda va foydali qazilmalarni qazib olishda ekologik jihatdan toza ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda joriy etish, soha uchun chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlash borasidagi katta xizmatlar unvon berilishi uchun asos hisoblanadi.
 
Faxriy unvon bilan taqdirlangan shaxslarga diametri 30 mm va qalinligi 2,2 mm bo‘lgan doira shaklidagi 925 probali kumushdan tayyorlangan ko‘krak nishoni beriladi.
 
Eslatib o‘tamiz, «Xizmat ko‘rsatgan» faxriy unvoni berilgan kasb ustalariga har oyda ish haqiga yoki pensiyaga 1,6 BHM («xizmat ko‘rsatgan artist»larga – 1,8 BHM) miqdorida ustama to‘lanadi.
 
Qonun 1.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid