Iqtisodiyot | 12:30 / 18.12.2020
5481
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vaziri: Respublika iqtisodiyoti 5,1 foizga o‘sishi kutilmoqda

Moliya vaziri Timur Ishmetov 2021 yilda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi haqida gapirdi.

«2021 yilda respublikamiz iqtisodiyoti milliy prognozlarga ko‘ra 5,1 foizga o‘sishi kutilmoqda, bunda sanoat 5,8 foizga, qurilish 6,5 foizga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari 2,7 foizga hamda xizmatlar 6,4 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Ushbu prognozlar bajarilishi pandemiya sharoiti hamda Covid-19’ga qarshi vaksinani ommaviy emlash jarayonlari davomiyligi, global iqtisodiyotdagi tiklanish jarayonlari jadalligi bo‘yicha noaniqliklar bilan bog‘liqdir.

Davlat budjeti loyihasi ushbu makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar parametrlari asosida ishlab chiqildi», dedi vazir Senatning o‘ninchi majlisida.

Uning ma'lum qilishicha, Xalqaro valuta jamg‘armasining oktyabr oyidagi prognozlariga ko‘ra, 2021 yilda jahon iqtisodiyoti tiklanishi natijasida 5,2 foizga o‘sishi, xususan, rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti 3,9 foizga, Rossiya iqtisodiyoti 2,8 foizga, Qozog‘iston iqtisodiyoti 3 foizga, Turkiya 5 foizga, Xitoy iqtisodiyoti 8,2 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

«Umuman olganda, prognozlar juda noaniq va yuqori darajada epidemiologik vaziyatning rivojlanishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Pandemiya sababli neft narxlari pasayishi energiya mahsulotlarini eksport qiluvchi davlatlarga salbiy ta'sir etishi kutilmoqda, biroq O‘zbekiston, uchun oltin narxining ko‘tarilishi boshqa turdagi mahsulotlar narxi pasayishini qoplashga yordam berishi mumkin», deya moliya vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid