Mayya Sandu Moldova prezidenti lavozimini bajarishga kirishdi
Moldovaning saylangan prezidenti Mayya Sandu prezident lavozimini bajarishga kirishdi va qasamyod keltirdi. Sanduning inauguratsiyasi marosimi parlament va konstitutsiyaviy sudning tantanali yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.
“Barcha kuch va bilimimni Moldovaning ravnaq topishi uchun berishga, konstitutsiya va qonunlarga amal qilishga, demokratiya, inson huquqlari, Moldovaning suvereniteti, mustaqilligi, birdamligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishga qasamyod qilaman”, deb qasamyod keltirgan Sandu.
Moldovaning yangi prezidenti o‘z nutqida saylovchilarga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan. “Menda katta rejalar bor, lekin ularni bir o‘zim amalga oshira olmayman. Menga sizning qo‘llab-quvvatlovingiz zarur. Mendan umidingiz katta ekanini bilaman”, deb aytgan Sandu.
U, shuningdek, bosh vazir Ion Kiku hukumatini koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha ishni uddalay olmaganlikda, amaldagi parlamentni esa korrupsiyada ayblagan va u tarqatilishi kerakligini aytgan.
Sandu Moldovaning yevropacha rivojlanish modelini, Pridnestrovya ixtilofini xalqaro hamkorlar ishtirokida hal qilish va u yerdan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqishni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. U yangi lavozimida birinchi navbatda prezident bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni kamaytirishga, muddatdan avval parlament saylovlari o‘tkazishga, Moldovani xalqaro izolyatsiyadan chiqarishga, korrupsiyani milliy xavfsizlikka tahdid deb e'lon qilishga, shov-shuvli ishlarni darhol tergov qilishga va'da bergan.
Avvalroq Moldovaning endilikda sobiq prezidenti Igor Dodon Sanduning inauguratsiyasi marosimida ishtirok etmasligini, biroq Sanduga hokimiyatni topshirish vaqtida uni tabriklashini aytgan. Dodonning ta'kidlashicha, uning saylov shtabi saylovlar vaqtida ko‘plab qoidabuzarliklar qayd qilgan.
Sandu prezident saylovlarining 15 noyabrda o‘tgan 2-bosqichida 57,72 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongandi. Uning raqibi Igor Dodon 42,28 foiz to‘plagan.
Mavzuga oid
00:09 / 13.11.2024
Moldova hududidan yana bir dron topildi
23:38 / 10.11.2024
Rossiya tomonidan uchirilgan ikkita dron Moldova hududiga qulab tushdi
21:13 / 05.11.2024
Kreml rossiyaparast nomzod mag‘lubiyatidan keyin Moldovadgi prezidentlik saylovlarini «adolatsiz» deb atadi
09:10 / 05.11.2024