Jahon | 14:20 / 31.12.2020
32724
15 daqiqa o‘qiladi

Namoyishlar, tabiiy ofatlar va urushlar: 2020 yil suratlarda

Yakunlanayotgan 2020 yil tarixdagi eng noodatiysi bo‘lib qolmoqda. Bu yilni keyinchalik ko‘proq pandemiya bilan yodga olsak-da, insoniyat hayotiga jiddiy ta'sir qilgan va kishini larzaga soluvchi boshqa yirik voqealar ham ko‘p bo‘ldi.

Quyidagi fotogalereyada odamni yig‘lashga ham, xursand bo‘lishga ham undaydigan, hayajonga soluvchi va qo‘rqituvchi, odamiylikka ishonch yo‘qolmaganini ko‘rsatuvchi suratlar jamlandi.

Foto: EPA/Vostock-photo

2019 yil noyabrida Avstraliyada boshlangan o‘rmon yong‘inlari 2020 yil yanvarining ilk kunlarida avj oldi. Yong‘in jami 100 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydondagi o‘rmonlarni yo‘q qilib, milliarddan ortiq jonivorlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Vayronkor olov koalalarning uchdan bir qismini qirib yubordi. Avstraliya tabiati avvalgi holatiga qaytishi uchun kamida bir asr talab etiladi.

Foto: EPA/Vostock-photo

3 yanvar kuni Bag‘dodda Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetakchi qismi bo‘lmish «Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. Iroqda uni yo‘q qilish amaliyoti AQSh prezidenti Donald Tramp topshirig‘i bilan o‘tkazildi. Eron Sulaymoniyga uyushtirilgan suiqasd javobsiz qoldirilmasligini va'da qildi. Mamlakat bo‘ylab o‘n minglab eronliklar ko‘chalarga chiqishdi va Amerikaga qarshi shiorlar aytib, AQSh bayroqlarini yoqishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda uchinchi jahon urushi boshlanishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. 

Foto: Zuma/TASS

13 yanvar kuni Filippin poytaxti Maniladan 70 km masofada joylashgan Taal vulqoni uyg‘ondi va undan lava oqa boshladi. Vulqondan atrofga quyuq tutun tarqala boshlagach, yaqin atrofdagi hududlardan 8 ming kishi evakuatsiya qilindi.

Foto: Reuters

15 yanvar kuni RF prezidenti Vladimir Putin Federal yig‘ilishga murojaat qildi, undagi asosiy mavzu RF Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli haqida edi. U oliy martabali amaldorlarning xorijiy davlat fuqaroligini olishini taqiqlash, parlament, gubernatorlar va Davlat kengashi mavqeyini kuchaytirish tashabbuslarini bildirdi. Uning murojaatidan keyin Rossiya hukumati to‘liq tarkibda iste'foga ketdi. 

Foto: Reuters

26 yanvar kuni amerikalik basketbolchi Kobi Brayant Kaliforniyadagi Kalabasase yaqinida shaxsiy vertolyotida halokatga uchradi. Vertolyot bortida jami to‘qqiz kishi bo‘lgan, shu jumladan sportchining 13 yoshli qizi Jianna. Butun dunyo bo‘ylab ko‘cha rassomlari afsonaviy basketbolchi va uning qiziga atab ko‘plab suratlar chizishdi. 

Foto: EPA/Vostock-photo

Yanvar oyi oxirida Sharqiy Afrika davlatlari chigirtkalar hujumi tufayli so‘nggi 25 yillikdagi eng og‘ir oqibatlarga duch kelishdi. Chigirtkalar populyatsiyasi kuchli yomg‘irlar ortidan yanada kengaydi. Millionlab hasharotlar o‘n minglab gektar maydondagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yo‘q qilishdi. Chigirtkalar hujumi bu mintaqadagi davlatlarda ochlik xavfini yuzaga keltirdi. 

Foto: EPA/Vostock-photo

 2019 yil dekabrida Uhanda pnevmoniya avj olishi qayd etilgandi. Keyinroq kasallik sababi shu vaqtgacha noma'lum bo‘lgan koronavirus ekani aniqlandi. JSST sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro darajadagi favqulodda holat yuzaga kelganini e'lon qildi. 3 fevral kuni koronavirus bemorlarini davolash uchun Uhanda ilk shifoxona foydalanishga topshirildi, uning qurilishi uchun 10 kun yetarli bo‘ldi.

Foto: Reuters

9 fevral kuni Los-Anjyelesda  Amerika kinosan'ati akademiyasining 92-taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bred Pitt o‘zining aktyor sifatidagi ilk «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritdi - unga Kventin Tarantino rejissyorligidagi «Bir kuni… Gollivudda» filmidagi roli uchun ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor nominatsiyasi bo‘yicha mukofot topshirildi. 

Foto: EPA/Vostock-photo

Sharqda koronavirus tarqalishi avj olishi tufayli vahima yuzaga kelib, tibbiy himoya tiqoblari va boshqa individual himoya vositalari tanqisligi yuzaga keldi. Xitoy aholisi bu masalaga o‘ziga xos tarzda yondashdi, ba'zida oshirib yuborishdi ham. 26 fevral kuniga kelib koronavirus bilan zararlanish holatlari Antarktidadan boshqa barcha qit'alarda qayd etilgandi.

Foto: Reuters

2020 yil fevralida Antarktidagi Payn-Aylend muzligidan Malta hajmi bilan teng (350 kv. km) aysberg ajralib chiqdi. Payn-aylend - Amundsen dengizi qirg‘oqlaridagi eng tez eriyotgan muzliklardan biridir.

Foto: Reuters

Mart oyi oxiriga kelib sayyora aholisining taxminan yarmi turli davlatlar hukumatlari koronavirus tarqalishi oldini olish uchun joriy etgan turlicha karantin choralari ostida yashay boshlashdi. Dunyoning 41 davlatida kamida 3 mlrd kishi izolyatsiyaga olindi, 1,5 mlrd.dan ortiq kishi qat'iy karantin sharoitida qoldi. 

Foto: EPA/Vostock-photo

31 mart kuni shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Markl qirollik oilasi a'zolarining majburiyatlarini bajarishni rasman to‘xtatdi. Yanvar oyida ular xonadon bilan kelishuvga erishgan va «hazrati oliylari» maqomidan mahrum bo‘lishgan, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan moddiy yordamdan voz kechishgandi.

Foto: Reuters

Aprelda Qo‘shma Shtatlar kasallanish holatlari soni bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqdi. Nyu-York shahri koronavirus epidemiyasi markaziga aylandi. Ulkan megapolis ko‘chalari bo‘shab qoldi. 

Foto: Nataliya Fedosenko/TASS

May oyi o‘rtalarida dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 4 milliondan oshdi. Suratda: Minskdagi travmatologiya va ortopediya shifoxonasidagi dezinfeksiya jarayoni. 

Foto: AP/TASS

21 may kuni Pakistan International Airlines aviakompaniyasining Airbus 320 rusumli yo‘lovchi samolyoti Karachidagi «Jinna» aeroporti yaqinida qulab tushdi. Layner bortida 99 yo‘lovchi va ekipajning 8 a'zosi bor edi, ularning barchasi halok bo‘lishdi. Samolyot qo‘nishga yaqin qolganida aholi yashovchi tumanga qulagan. Halokat natijasida bir necha uy vayron bo‘lgan. Avariya sababi uchuvchilar va dispetcherlar xatosi bo‘lgan. 

Foto: AP/TASS

25 may kuni Minneapolisda afroamerikalik Jorj Floyd politsiya qo‘lidan o‘lim topishi AQShda namoyishlar to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Mamlakatning 40dan ortiq shahrida komendantlik soati rejimi joriy etildi. Jamoatchilik va Floydning qarindoshlari aybdorlarga qotillik bo‘yicha jinoiy ish ochilishini talab qilishdi. Namoyishlar to‘lqini Vashingtongacha yetib keldi, faollar bir necha kun davomida Oq uy atrofini o‘rab olishdi. Floydning o‘limiga sababchi bo‘lgan ofitser ehtiyotsizlik tufayli qotillik sodir etishda ayblanib, qamoqqa olindi.

Foto: Reuters

30 may kuni SpaceX kompaniyasining bortida ikki astronavt bo‘lgan Crew Dragon kemasi sinov parvozlari doirasida Xalqaro kosmik stansiyaga avtomatik ravishda muvaffaqiyatli tutashdi. Kema Florida shtatidagi Kanaveral burnidan Falcon 9 raketa tashuvchisi yordamida uchirildi. Parvoz jarayonini kompaniya asoschisi Ilon Mask kuzatib turdi. SpaceX kompaniyasi Crew Dragon orqali kosmik turistlarni tashishni mo‘ljallagan.

Foto: Reuters

25 iyun kuni Rossiyada Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum boshlandi. O‘zgarishlar saylovchilarning 77,92 foizi tomonidan qo‘llandi va bu o‘zgarishlar 4 iyuldan kuchga kirdi. 

Foto: AP/TASS

Rossiyada Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Sergey Furgal 2000-yillar o‘rtalaridagi qotillikda ayblanib 9 iyulda qo‘lga olingach, uni qo‘llab-quvvatlash uchun boshlangan mitinglar yil oxirigacha davom etdi. Eng yirik miting 11 iyul kuni o‘tkazilib, politsiya ma'lumotiga ko‘ra, unda 12 ming kishi yig‘ilgan. 

Foto: Zuma/TASS

Iyulda Yer yuzi aholisi so‘nggi 7 yil ichida eng yorqin kometani kuzatishga muvaffaq bo‘ldi, bu kometani astronomlar 2020 yilning 27 martida Neowise teleskopi orqali aniqlashgandi.

Foto: Reuters

25 iyulda Yaponiyaning MV Wakashio nomli kemasi Mavrikiya qirg‘oqlari yaqinida qumloqqa o‘tirib qoldi. Avariyaga uchragan kemadan okeanga ming tonnaga yaqin neft oqib chiqdi, orol davlat qirg‘oqlari yaqinidagi suvlar ifloslandi. Mavrikiya hukumati favqulodda ekologik vaziyat haqida e'lon qildi. O‘ziga xos tabiat va marjon qoyalari xavf ostida qoldi. 

Foto: AP/TASS

4 avgust kuni Bayrutdagi port hududida davomli portlashlar sodir bo‘ldi. Hodisa sababi 6 yil muqaddam musodara qilinib, omborda saqlanayotgan 2 750 tonna miqdoridagi ammiak selitra edi. Portlash oqibatida 170dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 6 mingga yaqin kishi jabrlandi. 10 sentyabr kuni portda yana bir yirik yong‘in ro‘y berdi. 

Foto: Zuma/TASS 

9 avgust kuni Indoneziyada Sumatra oralining shimoliy qismida joylashgan Sinabung vulqoni uyg‘ondi. Atrofdagi uylar va yo‘llar qalin kul qatlami bilan qoplandi. Sinabung vulqoni 2010 yildagi kuchli uyg‘onishdan keyin vaqti-vaqti bilan otilib turadi. Bunga qadar vulqon 400 yil davomida uyg‘onmagan.

Foto: AR/TASS 

9 avgust kunidan buyon Minskda va Belarusning boshqa shaharlarida prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan aholi norozilik namoyishlari o‘tkazib kelmoqda. Saylovda mamlakatni 1991 yildan buyon boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozongandi. Muxolifat natijalar soxtalashtirilgan deb hisoblaydi. Namoyishchilar Lukashenkoning iste'fosini, siyosiy mahbuslarni ozod qilishni va saylovni qaytadan o‘tkazishni talab qilishadi. Norozilik aksiyalari kuchishlatar tuzilmalar tomonidan kuch bilan bostirilgan.

Foto: Reuters

Avgust oyi o‘rtalarida butun dunyo bo‘ylab Covid-19 bilan kasallanganlar soni 20 million kishiga yetdi, koronavirus qurbonlari soni 730 mingdan oshib ketdi. Suratda: koronavirusdan vafot etgan ayolning dafn marosimidan oldin dam olayotgan tibbiy xodim, Nyu-Dehli.

Foto: Reuters

Avgust oyi oxirida AQSh prezidentligi uchun saylovdagi demokratlar nomzodi rasman e'lon qilindi. Jo Bayden nomzodi Demokratik partiya tomonidan ilgari surildi. Delegatlar qarshisidagi chiqishida u Trampni o‘z siyosati bilan jamiyatni ikkiga ajratib yuborishda va «Amerikani quyuq tutun orasida qoldirish»da aybladi.

Foto: AP/TASS 

10 sentyabrda San-Fransisko osmoni yirik o‘rmon yong‘inlari tufayli to‘qsariq rangga kirdi. Bu holat AQShning butun g‘arbiy qirg‘og‘ini qamrab oldi. Kaliforniya shtatida tabiiy yong‘inlar ko‘lami bo‘yicha 2018 yilgi rekordni yangiladi va jami yong‘in maydoni 900 ming gektarni tashkil etdi.

Foto: AP/TASS

Sentyabr oyi o‘rtalarida Janubiy Amerikadagi eng yirik botqoqliklardan biri — Pantanalni yong‘inlar qamrab oldi. Braziliyaning janubi-g‘arbi, qisman — Boliviya va Paragvayni o‘z ichiga olgan Pantanalda yashovchi minglab noyob turlar, jumladan, yaguar, kapibara, qora kayman (timsoh), ulkan qunduz, giatsintoviy ara kabi turlar yo‘qolib ketish yoqasida qoldi. Braziliyada so‘nggi 47 yildagi eng yirik qurg‘oqchilik, kuchli shamollar va harorat 40 darajada isishi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Ushbu hududning 29 foizi yonib ketgan.

Foto: AP/TASS 

Kuzda Yevropa mamlakatlarida Covid-19 bilan bog‘liq vaziyat yomonlasha boshladi. Ikkinchi to‘lqin vaqtidagi kunlik o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Ispaniyada qayd etildi. Suratda: Barselonadagi shifoxonada 52 kun mobaynida intensiv terapiya bo‘limida yotgan bemor O‘rta Yer dengizini tomosha qilmoqda.

Sentyabr oyi oxirida Kamchatkada mahalliy aholi va syorfingchilar Tinch okeanining Xalaktirsk plyajidagi suv rangi o‘zgargani haqida xabar bera boshlashdi. Ular suvga tushib chiqqach, o‘zlarini yomon his qila boshlashgani va ko‘rish yomonlashgani haqida shikoyat qilishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda qirg‘oqdagi holat aks etgan fotosuratlar tarqaldi, bu suratlarda qirg‘oqqa chiqib qolib, nobud bo‘lgan dengiz jonivorlari aks etgandi. Tergovchilar va olimlar bu falokat «qizil oqim» natijasida yuzaga kelgan deb xulosa qilishdi. 

Foto: Reuters

16 oktyabr kuni Tailand bosh vaziri, general Prayut Chan-Ocha Bangkokdagi namoyishlar faollashishi ortidan 30 kunlik favqulodda holat rejimini joriy etdi. Namoyishchilar uning iste'foga chiqishini, yangi Konstitutsiya qabul qilishni va monarxiya islohotlari o‘tkazishni talab qilishdi. Bangkokdagi vaziyat iyul oyida keskinlasha boshlagan, asosan yoshlar va talabalardan iborat o‘n minglab kishilar ko‘chalarga chiqishgandi. 

Foto: AP/TASS 

27 sentyabrdan 9 noyabrgacha Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida harbiy harakatlar olib borildi. Ikki tomondan ham harbiylar va tinch aholi o‘rtasida yo‘qotishlar bo‘ldi. Tog‘li Qorabog‘dagi urush Rossiya va Turkiya vositachiligida to‘xtatilgach, 7 tuman Ozarboyjonga o‘tdi va bu hududlarda yashovchilar o‘z uylari va mulklarini tashlab ketishga majbur bo‘lishdi.

Foto: AR/TASS 

30 oktyabr kuni Turkiyaning Izmir shahrida 7 balli zilzila sodir bo‘ldi. O‘choq 10 km chuqurlikda joylashgandi. Tabiiy ofat qurbonlari soni 102 nafarni tashkil etdi, mingdan ortiq kishi jabrlangan.

Foto: Reuters 

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp saylovda Jo Baydenga yutqazdi. Ovoz berish jarayoni 3 noyabr kuni o‘tkazildi. Tramp hamon mag‘lubiyatini tan olmagan va saylov natijalarini sudlar orqali bekor qilishga befoyda urinmoqda.

 Noyabr oyi boshida Efiopiyada siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Markaziy hokimiyatdan norozi bo‘lgan tigraylik ayirmachilar armiya bo‘linmalariga hujum uyushtirishdi. Ikki hafta davom etgan harbiy harakatlar Tigray markazi bosh vazir Ahmad Abiy kuchlari tomonidan egallanishi bilan tugadi. Inqiroz va urush tufayli Tigraydagi 40 mingdan ortiq kishi qo‘shni Sudanga qochib o‘tishga majbur bo‘ldi.

Foto: AP/TASS 

Dekabr oyi boshida Kaliforniyada tabiiy yong‘inlar tufayli ommaviy evakuatsiya e'lon qilindi. O‘rmon yong‘inlari shtatda yil boshidan buyon 1,62 mln gektar maydondagi o‘simliklarni yo‘q qilgan.

Mavzuga oid