O‘zbekiston | 08:09 / 04.01.2021
5506
3 daqiqa o‘qiladi

Agrosanoat majmuini raqamlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi agrosanoat majmui va qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, agrar sohani raqamlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan, suv resurslaridan samarali foydalanish va ekinlar holatini nazorat qilishning idoraviy va idoralararo axborot tizimlarini joriy etish;
  • agrosanoat majmuidagi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni, shu jumladan davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
  • qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy AKTni joriy etish uchun DXSh shartlari asosida maqsadli loyihalarni amalga oshirish;
  • suv omborlari va sug‘orish tizimlarida suv resurslaridan foydalanishni onlayn rejimda nazorat qilish texnologiyalarini joriy etish;
  • suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suvdan foydalanish va suv iste'moli hisobini yuritish hamda ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
  • biznes-startap loyihalarni amalga oshirish va innovatsion loyihalar natijalarini tijoratlashtirish uchun korxonalarga ko‘maklashish.

Qaror bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida «Agrosanoatni raqamlashtirish markazi» davlat muassasasi tashkil etiladi. Markaz agrosanoat majmuida «Raqamli qishloq xo‘jaligi» axborot tizimi yuritilishi uchun mas'ul hisoblanadi.
 
«Raqamli qishloq xo‘jaligi» axborot tizimi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar, ta'minotchilar hamda qayta ishlash tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi platforma bo‘lib xizmat qiladi.
 
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishgan holda, integratsiyalashgan yagona axborot tizimiga agrosanoat va oziq-ovqat sohasiga oid ma'lumotlarni taqdim etish qoidalarini belgilash vakolati berildi.
 
2021 yil 1 mayga qadar yirik gidrouzel va irrigatsiya tizimini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi.
 
Toshkent davlat Agrar universiteti hamda Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida talabalarning agrar sohadagi biznes-startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha innovatsion tashkilotlar tashkil etiladi.

Mavzuga oid