Davlat xaridlaridagi qarindosh-urug‘chilikni o‘rganish ishlari davom etmoqda - Aksilkorrupsiya agentligi
O‘tgan haftalar davomida bir nechta viloyatlardagi yirik davlat xaridlarida qarindosh-urug‘chilik yaqqol ko‘rinib turgani ayon bo‘ldi. 7 yanvar kungi matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva shu haqdagi savolga javob berdi.
«O‘rganishlar amalga oshirilmoqda. O‘rganishlar natijasida agar jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun asoslar bo‘lsa, tegishli materiallar prokuratura va boshqa tegishli mutasaddi organlarga yuboriladi. Ular jazolanadimi yoki yo‘qmi, bu masala huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli. Chunki tegishli jinoiy ish doirasida o‘rganishlar natijasidagina shu xulosaga kelish mumkin bo‘ladi.
Bu xulosani biz chiqarmaymiz, biz faqat material taqdim qilamiz. Tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qarori asosida bu masala hal qilinadi» – dedi u.
- Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati hokimligi qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari Muhiddin Qodirov va «Qishloq qurilish invest» MChJ IK Andijon viloyat filiali rahbari Ravshanbek Jabborqulov milliardlab davlat buyurtmalarini o‘zlari va qarindoshlariga tegishli kompaniyalar o‘rtasida «taqsimlagan».
- Jizzax shahrini ko‘rkam qiyofaga keltirish va gullar ekish bo‘yicha 2 milliard so‘mdan ortiq ikkita davlat buyurtmasini esa viloyat hokimining qiziga qarashli korxona qo‘lga kiritgan.
- Xorazmda viloyat hokimining tayinlanganiga bir yil ham bo‘lmagan o‘rinbosarining ukasiga tegishli kompaniya 20 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini olgan.
- Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK direktori Bahodir Mansurov oilasiga tegishli korxona ham bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni parlamentga murojaatida bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va parlament nazoratida bo‘lishini ta'kidladi.
Mavzuga oid
19:42 / 07.11.2024
Taxiatosh tumani hokimi sobiq o‘rinbosari ozodlikdan mahrum etildi. U budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan
10:34 / 05.11.2024
Xovos tumani hokimi sobiq o‘rinbosari 7 yilga qamaldi
09:51 / 05.11.2024
Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olindi
20:58 / 04.11.2024