O‘zbekiston | 16:14 / 14.01.2021
33331
2 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Jamshid Qo‘chqorovga parlament so‘rovi yubordi

Oliy majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida kapital bozorni rivojlantirish masalasi yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga parlament so‘rovini yuborish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov

13 yanvar kuni Oliy majlis qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda kapital bozorining bugungi rivojlanish holati ko‘rildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga «O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish borasida hukumat tomonidan belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida» qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Ta'kidlanishicha, yalpi majlisda O‘zbekiston kapital bozorining bugungi rivojlanish holati moliya sektorining boshqa ishtirokchilari, xususan, bank va sug‘urta bozorlariga nisbatan sust darajada qolishiga sabab bo‘layotgan omillar muhokama qilindi.

Deputatlar xorij vakillari ishtirokida davlat korxonalari tomonidan obligatsiyalarning asosan chet elda chiqarilishi mahalliy kapital bozori va uning ishtirokchilari faoliyatini rivojlantirishga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganiga e'tibor qaratgan.

Davlat obligatsiyalarining likvidli ikkilamchi bozorining shakllanmaganligi jismoniy shaxslar va norezidentlar tomonidan davlat obligatsiyalari sotib olish imkoniyatini cheklab qo‘yayotgani kabi muammolar ta'kidlangan.

Ma'lumot uchun, ayni paytda, O‘zbekiston fond bozorining kapitallashuvi yalpi ichki maxsulotga nisbatan 1 foizni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 22 foiz, Rossiyada 35 foiz, Xitoyda 46 foiz, Janubiy Koreyada 87 foiz, Malayziyada 112 foiz hamda AQShda 149 foizni tashkil etadi

Mavzuga oid