O‘zbekiston | 20:49 / 16.01.2021
25324
2 daqiqa o‘qiladi

Chimboy tumani hokimi «Equinox» xarid qilish fikridan qaytdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumaniga yaqinda rahbarlik vazifasiga tayinlangan Aybek Tajyetdinov uchun «Equinox» xizmat avtomobilini xarid qilish bekor qilingan.

Avvalroq Chimboy tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Aybek Tajyetdinov xizmatda foydalanish uchun «Equinox» avtomobilini xarid qilayotgani haqida xabar berilgandi.

Kun.uz | Qoraqalpog‘iston Telegram-kanalida «Chimboydagi o‘quvchilar 8 km uzoqlikdagi maktabga eshakda borishmoqda» sarlavhasi ostidagi postdan keyin ijtimoiy tarmoqda turli bahs-munozaralar paydo bo‘ldi. Jumladan, Troll.uz blogida «Chimboy tumanida o‘quvchilar eshak minib maktabga qatnamoqda. Shu tumanga hokim bo‘lgan Aybek Tajyetdinov hokim bo‘lganidan 1 oy o‘tib EQUINOX xarid qilgan», – deb yozildi.

 Kun.uz muxbiri Chimboy tumani hokimligi axborot xizmati rahbari bilan bog‘lanib holatga aniqlik kiritdi. Axborot xizmati rahbari Nargiza Toliboyevaning aytishicha, «Equinox» xaridi bekor qilingan.

«Avtomashina xaridi uchun pul ham o‘tkazilmagan. Hokim hozirda o‘zining avvalgi Captiva'sida yuribdi», — dedi hokimning matbuot kotibi Nargiza Toliboyeva.

Eslatib o‘tamiz, ilgari Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida, hozir esa Chimboy tumani hokimi bo‘lgan Aybek Tajyetdinov «UzAuto Motors» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan EQUINOX rusumli mashinani 349 mln so‘mga sotib olish bo‘yicha shartnomani 2020 yilning 21 dekabr kuni imzolagandi.

Shartnoma muddati 10 kun qilib ko‘rsatilgan. Ammo Chimboy tumani hokimligi bosh hisobchisi Zaxaratdin Jiyemuratovning Kun.uz muxbiriga aytishicha, shartnoma to‘liq bekor qilingan. Shartnomada ko‘rsatilgan pul ham o‘tkazilmagan.

Mavzuga oid