Iqtisodiyot | 14:14 / 21.01.2021
9656
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston oltin-valuta zaxirasi 1 yilda 5,7 milliard dollarga oshdi

2020 yil boshida 29,1 milliard dollarni tashkil etgan O‘zbekiston xalqaro zaxiralari yil yakuniga kelib, 34,9 milliard dollarga yetgan.

Foto: Andreas Gebert / Bloomberg

Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari, xususan, rasmiy zaxira aktivlari va chet el valutasidagi boshqa aktivlar qiymatining 2020 yilda o‘zgarishi haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yil 1 yanvar holati bilan, O‘zbekiston oltin-valuta zaxirasi 29,1 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan 12,4 milliard dollarga teng qismi xorijiy valutadagi zaxira aktivlar (konvertatsiya qilinuvchi xorijiy valutalarda) ko‘rinishida, shuningdek, 16,3 milliard dollar qiymatli oltin saqlangan.

2020 yil o‘rtasigacha valuta zaxiralari qiymatida o‘zgarish yuqori bo‘lmay, oktyabrga kelib, naqd valuta va depozitlarning jami miqdori 14,4 milliard dollarga teng bo‘lgan. Bu vaqtga kelib, oltin zaxiralar qiymati 18,5 milliard dollardan oshgandi.

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xorijiy valutadagi zaxira aktivlar qiymati 14,3 milliardga tushgan. Oltin zaxirasi esa 20 milliard dollardan oshdi. Ushbu holat O‘zbekiston oltin eksportini kamaytirayotgani bilan izohlanishi mumkin.

O‘zbekiston 2020 yilning 3-choragida eng ko‘p oltin sotgan mamlakat bo‘ldi. Markaziy bank bu vaqt mobaynida qariyb 35 tonna oltin sotgandi.

Xalqaro zaxiralar o‘tgan yili noyabr oyida 535 million dollarga kamaygandi. Ya'ni, oktyabrda zaxiralar 32,6 milliarddan noyabrda 32,4 milliard dollarga tushdi. Bunda oltin narxining hisobot oyi boshidagi 1875 dollardan 1771 dollarga tushishi zaxiralarni 1 milliard 81,3 million dollarga kamaytirgan bo‘lsa, valuta qimmatliklardagi oshish 545 million dollarni tashkil qildi.

MB zaxira aktivlarining katta qismi haligacha oltindan iborat. Ya'ni oltinning barcha zaxira aktivlardagi ulushi 18,4 milliard dollarga (sof hajmi 10,4 million troy unsiya) teng va 14 milliard dollarga teng qiymatli konvertatsiya qilinadigan xorijiy valuta bosh ofisi xorijda joylashgan banklarda saqlanmoqda. Demak, oltin va valuta qimmatliklardagi o‘zgarish O‘zbekiston zaxira aktivlari miqdoriga bilvosita ta'sir o‘tkazadi.

Markaziy bank boshqaruv kengashi raisi Mamarizo Nurmatov AQSh G‘aznachiligi obligatsiya sotib olish orqali oltin-valuta zaxirasi portfelini kengaytirmoqchi ekanini bildirgandi. Shunda bozordagi aktiv qimmatliklarning keskin o‘zgarishi O‘zbekiston oltin-valuta zaxirasiga bilvosita ta'siri kamroq seziladi. 

Mavzuga oid