Jahon | 20:59 / 23.01.2021
6096
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning impichmentini ko‘rib chiqish muddati kechiktirildi

Senatda ikki partiya o‘rtasida bu borada kelishuvga erishildi. Demokratlar dushanba kuni ayblov moddalarini Kongress yuqori palatasiga topshirishlari lozim.

Foto: Reuters

Donald Trampga nisbatan ikkinchi impichment ishi bo‘yicha tinglovlar kechroq – sobiq prezidentning advokatlari ish bilan tanishib chiqishi uchun eng ertasi bilan 8-9 fevralda boshlanadi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Senatda ikki partiya o‘rtasida bu borada kelishuvga erishildi. Demokratlar dushanba kuni 19.00dan kechiktirmasdan ayblov moddalarini Kongress yuqori palatasiga topshirishlari lozim.

Demokratlar Trampni isyonga chaqirish ortidan Kapitoliyga hujum qilinishi va besh kishining o‘limida ayblashmoqda.

Impichment e'lon qilish uchun 232 kongressmen ovoz berdi, 197 nafari qarshi chiqdi.

Tramp vakillar palatasi ikkinchi marta impichment e'lon qilgan AQSh tarixidagi birinchi prezident bo‘ldi.

Birinchi impichment 2019 yil dekabrida e'lon qilingandi. O‘shanda kongressmenlar Trampni hokimiyatni suiiste'mol qilish va kongress o‘tkazgan tergovga to‘sqinlik qilishda ayblashgan. Biroq senat impichmentga qarshi ovoz bergan.

Impichment e'lon qilinishiga Trampning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbati asos bo‘lgan. Suhbat davomida AQSh prezidenti ukrainalik hamkasbidan Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterga qarshi tergov boshlashni talab qilgan. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy rad javobini beradigan bo‘lsa, Tramp Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatish bilan po‘pisa qilgan.

Mavzuga oid