Olimlar koronavirusga qarshi remdesivirdan qariyb 30 baravar kuchliroq dorini topishdi
Qayd etilishicha, plitidepsin boshqa dorilardan farqli ravishda virus oqsillariga emas, balki virus ko‘payish uchun foydalanadigan hujayralar oqsillariga ta'sir ko‘rsatadi.
Saraton kasalligiga qarshi dori sifatida o‘rganilayotgan plitidepsin ayrim mamlakatlarda koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan remdesivir preparatiga nisbatan 27,5 marta samaraliroq ekanligi aniqlandi. Bu haqda olimlarning Science jurnalida chop etilgan tadqiqotlari natijalarida aytilmoqda.
«Aplidin» savdo belgisi bilan tanilgan plitidepsin 2000 yillarda cheklangan tarzda tarqalgan. U assidiy deb nomlanuvchi dengiz jonivoridan olingan modda asosida tayyorlanadi. Ushbu dori vositasiga bo‘lgan huquq Ispaniyaning PharmaMar kompaniyasiga tegishli.
Mazkur dori vositasi 2004 yilda Yevropa dori vositalari agentligi tomonidan saratonni davolashda yordam beruvchi preparat sifatida ro‘yxatga olingan.
2020 yilda AQSh, Buyuk Britaniya va Ispaniyada plitidepsinning boshqa dorilar bilan birgalikdagi virusga qarshi xususiyatlari o‘rganildi. Bir nechta olimlar guruhi u koronavirusni davolashda samara beradi degan xulosaga keldi. Britaniyalik olimlar xulosasiga ko‘ra, plitidepsin inson hujayralaridagi koronavirus faolligini pasaytirishda remdesivirga nisbatan 27,5 baravar ko‘proq ta'sir ko‘rsatadi.
San Francisco Chronicle nashrining yozishicha, plitidepsin boshqa dorilardan farqli ravishda virus oqsillariga emas, balki virus ko‘payish uchun foydalanadigan hujayralar oqsillariga ta'sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar maymun va sichqonlarda, Ispaniyada esa odamlarda ham o‘tkazilgan.
Remdesivir ayrim mamlakatlarda koronavirusga qarshi foydalanish uchun tavsiya etilgan. Ammo JSST uning nojo‘ya ta'sirlari va kasallikka ta'siri isbotlanmaganligi sababli ushbu doridan foydalanishni tavsiya qilmagan.
Mavzuga oid
10:06 / 16.02.2023
Koviddan keyingi sindrom bir necha oy ichida o‘zini namoyon qilishi mumkin - mutaxassis
03:31 / 16.02.2023
Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi
10:02 / 31.01.2023
JSST pandemiya tugaganini e’lon qilishiga ayrim hududlardagi vaziyat to‘sqinlik qilmoqda
23:06 / 16.01.2023