Shaxmat federatsiyasiga yangi rais saylandi
Bugun, 30 yanvar kuni, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasida navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Tashkilotga yangi rais saylandi.
Kun.uz axborot manbasi xabariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining yangi raisi etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha federatsiya raisi lavozimini prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Dmitriy Li egallab kelayotgandi.
14 yanvar kuni «Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori e'lon qilingandi.
Qaror ijrosi uchun mas'ul hisoblangan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha mazkur prezident qarori asosida amalga oshiriladigan ishlar xususida Kun.uz'ga ma'lumot berdi.
Prezident qarorida shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Agar bu vazifalar amalga oshirilsa, mamlakatda shaxmat bilan bog‘liq vaziyat mutlaqo yangicha tus oladi.
Avvalroq, «Shaxmat oyligi» musobaqasining final bosqichini Aziz Abduhakimov ochib bergandi.
Samarqand olimpiya zaxiralari kollejida «Sportni sev, sport bilan yasha!» shiori ostida yanvar oyida o‘tkazilgan shaxmat oyligi musobaqasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yosh iqtidorli shaxmatchilar safini kengaytirish orqali professional shaxmatchilar va xalqaro grossmeysterlar etib tayyorlash bugungi kunning muhim vazifasi ekanligigi alohida qayd etildi.
Bundan oldin, grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova AQSh nomidan dona surishi, Nafisa Mo‘minova va Hulkar Tohirjonova terma jamoadan chiqarilgani xabar berilgandi.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bu xabar ortidan bildirilgan qator tanqidlarga o‘z munosabatini bildirdi. Bayonotda OAVda e'lon qilingan maqolalar bir tomonlama yoritilgani aytilgan. Shuningdek, unda terma jamoadan chiqib ketish fikri sportchining o‘ziga tegishli ekani va bunda boshqalarni aybdor qilish mumkin emasligi ta'kidlangan.
Federatsiya munosabati shaxmatchilarda yana qator e'tirozlarni uyg‘otdi. Opa-singillarning o‘rtanchasi Hulkar Tohirjonova Kun.uz bilan suhbatda federatsiya bayonotidagi fikrlarga javob qaytardi.
Federatsiya Gulruxbegim Tohirjonovaning terma jamoa safidan chiqarilishini uning 2019 yilda AQShga o‘qishga ketgani bilan izohlagandi. Opasi esa o‘qishga ketish sportchini terma jamoadan chetlatish uchun sabab bo‘lolmasligini aytib o‘tdi.
Mavzuga oid
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
09:24 / 12.12.2024
Turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishga oid o‘quv seminari boshlandi
15:20 / 03.12.2024
IUCN’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasman o‘z ishini boshladi
11:59 / 29.11.2024