O‘zbekiston | 14:04 / 30.01.2021
44463
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati prokurori va IIBB boshlig‘i ham ishdan olinishi kutilmoqda

Toshkent viloyati prokurori Salom Samadov hamda Toshkent IIBB boshlig‘i, polkovnik Tohir Oripov lavozimidan ozod etilishi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni, Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashining yig‘ilishida prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ma'lum qilgan.

Tohir Oripov va Salom Samadov

«Oxirgi prezident selektorida davlatimiz rahbari bitta viloyat hokimi va bitta vazirni shu hafta ishdan olaman, deb aytgandilar. Kuni kecha prezidentimizning navbatdagi farmonlari bilan Dilmurod Nabiyev O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimidan ozod etildi. Nima uchun vazirning ishdan olingani haqidagi farmonni o‘qib eshittiryapman. Talab nafaqat quyi davlat hokimiyati organi rahbarlariga nisbatan, umuman, vazirlik va idoralarning rahbarlariga nisbatan ham bir xil va qat'iy.

Selektorda prezidentimizning bitta gaplarini hammalaringiz yaxshi eshitdingiz: «Agar talabga javob bermasa, har hafta bittadan vazirni va bittadan hokimni vazifasidan ozod qilaman. Hech kimni ayash yo‘q», dedilar. Shuning uchun bu yerda o‘tirgan hurmatli sektor rahbarlarimiz ham, hurmatli hokimlar ham, boshqa rahbarlar ham shundan xulosa qilishi kerak.

Toshkent viloyatida bugun yana ikkita rahbar – viloyat prokurori hamda viloyat IIBB boshlig‘i lavozimlaridan ozod etiladi», deya rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshkent viloyati prokurori va viloyat IIBB boshlig‘i bir kunda – 2018 yilning 15 oktyabr kuni lavozimga tayinlangan edi.

Jumladan, Salom Ismatovich Samadov O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosariligidan viloyat prokuroriga aylangan bo‘lsa, Tohir To‘lqinovich Oripov Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarligidan viloyat IIBB boshlig‘i etib tayinlangan edi. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ushbu ikki mulozim Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashining navbatdagi yig‘ilishigacha o‘z vazifalarini vaqtincha bajarib turishadi.

Avvalroq Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov o‘z vazifasidan ozod etilgani, uning o‘rniga Toshkent shahar hokimining sobiq birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid